G‘azoda halok bo‘lganlarning 70 foizi ayollar va bolalar – BMT
Olam
−
08 noyabr
1152G‘azo sektorida halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar qariyb 70 foizni tashkil etmoqda. Bu haqda Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari tomonidan e’lon qilingan hisobotda qayd etilgan.
Qayd etilishicha, BMT G‘azoda raketa zarbasi, o‘q uzish va boshqa jangovar harakatlar oqibatida halok bo‘lganlarning shaxsiy ma’lumotlarini tekshirib chiqmoqda. Hozirgi vaqtda halok bo‘lganlarning taxminan 70 foizini bolalar va ayollar tashkil qilyapti. Bu xalqaro gumanitar huquqning asosiy prinsiplari – tanlab o‘ldirish va moslikni tizimli ravishda buzishdan dalolat beradi.
“Bu kabi hujumlar davom etishi tinch aholi hayotiga bo‘lgan yaqqol befarqlikni ko‘rsatmoqda", deyiladi hisobotda.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi xodimlari 2023 yil noyabridan 2024 yil apreligacha G‘azo sektorida 8 119 kishining o‘limini tasdiqlagan.
“Tasdiqlangan 8,119 qurbonlar Falastin sog‘liqni saqlash idoralari tomonidan 13 oylik urush uchun taqdim etilgan 43 000 dan ortiq qurbonlar sonidan ancha past. Ammo, BMT qurbonlarning yoshi va jinsi bo‘yicha tasnifi Falastinning urushda halok bo‘lganlarning katta qismini ayollar va bolalar tashkil etishi haqidagi da’vosini qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi hisobotda.
Halok bo‘lganlar orasida, ayniqsa, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘p. Unga ko‘ra, tasdiqlangan halok bo‘lish holatlarining taxminan 80 foizi turarjoylar yoki boshqa yashash binolarida sodir bo‘lgan, ularning 44 foizini bolalar va 26 foizini ayollar tashkil qilgan.
G‘azoda ko‘pchilikning halok bo‘lishi Isroil armiyasining zich aholi yashaydigan hududlarda keng qamrovli o‘ldiruvchi qurollardan foydalanishi bilan bog‘langani qayd etilgan. Ayrim hollarda esa Falastin qurolli guruhlari tomonidan xato otilgan snaryadlar portlashi ham odamlar o‘lishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk BMTga a’zo davlatlarni xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlari doirasida qurol savdosi yoki yetkazib berish hamda harbiy, moddiy-texnik yoki moliyaviy yordam ko‘rsatilishini baholashga va agar bu xalqaro huquqning jiddiy buzilishlari xavfini tug‘dirsa, bunday yordamni to‘xtatishga chaqirdi.
“Zo‘ravonlik zudlik bilan to‘xtatilishi, garovdagi va noqonuniy ushlab turilganlar ozod qilinishi va biz G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga e’tibor qaratishimiz kerak”, dedi Tyurk.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT urushdan vayron bo‘lgan G‘azo sektorida bolalar va nogironlar tobora dahshatli sharoitlarga duch kelayotgani, shifoxonadagi bemorlar evakuatsiya kechikishi tufayli vafot etayotganini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi