G‘azoda halok bo‘lganlar soni 71 mingdan oshdi

Olam

image

G‘azo sektorida urush boshlanganidan buyon Isroil harbiylarining harakatlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 71 mingdan oshdi. Bu haqda Falastin anklavining Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan harbiy harakatlardan buyon 71 266 kishi halok bo‘lgan, 171 219 kishi jarohat olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida ilgari tasdiqlanmagan 292 nafar qurbon umumiy statistikaga qo‘shilgan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga binoan, Falastin anklavida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan beri 414 kishi halok bo‘lgan, 1 142 kishi esa yaralangan.

Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 10 oktyabr kuni kuchga kirgan. Shunga qaramay, kelishuvning mahalliy darajadagi buzilishlari deyarli har kuni qayd etilmoqda. Kelishuv doirasida HAMAS 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda saqlangan 20 nafar garovdagi isroillikni ozod qilgan. Shu tariqa tirik qolgan barcha garovdagilar ozod etilgan.

Isroil hukumati bunga javoban qariyb 2 ming nafar falastinlik mahbusni, jumladan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslarni ham ozod qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 dekabr kuni G‘azo sektoridagi Xon-Yunus shahrida joylashgan bino vayronalari ostidan chiqarilgan 25 nafar falastinlik dafn qilingandi. Xon-Yunusda Isroil havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan Al-Estal oilasining 25 nafar a’zosi bilan xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tgan. Qurbonlarning jasadlari joriy yilning 25 dekabr kuni vayronaga aylangan bino ostidan chiqarib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing