G‘azo sektorida yuqumli kasalliklarning tarqalishi muqarrar – JSST

Olam

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) G‘azo sektorida sanitariya sharoitlarining yomonligi va toza suv yetishmasligi tufayli yuqumli kasalliklar tarqalishi muqarrar ekanidan xavotirda. 

Ochlik azobi esa G‘azoni vayron qilmoqda va bu butun sektor bo‘ylab bolalar, homilador va emizikli ayollar hamda keksa odamlarda kasalliklarni kuchaytirishi kutilmoqda. Bu haqda joriy yilning 21 dekabr, payshanba kuni tashkilot rasmiy saytida ma’lum qilindi.

"1,9 milliondan ortiq odam o‘z uyini tashlab ketgan, ularning 1,4 milliondan ortig‘i gavjum boshpanalarda qolmoqda. Bu sharoitlar yuqumli kasalliklarning davom etishiga olib keladi", deyiladi JSST bayonotida.

"Bugungi kunda G‘azoda o‘rtacha har 4500 kishiga bitta dush va har 220 kishiga bitta hojatxona to‘g‘ri keladi. Toza suv tanqisligicha qolmoqda va ochiq havoda defekatsiya darajasi ortib bormoqda. Bu sharoitlar tufayli yuqumli kasalliklar tarqalishi turgan gap".

Oktyabr oyining o‘rtalaridan buyon anklavda 100 mingdan ortiq diareya holati qayd etilgan. Bayonotga ko‘ra, bu holatlarning yarmi besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda sodir bo‘lgan, bu mojarodan oldingi darajadan 25 baravar yuqori.

"150 mingdan ortiq yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi, ko‘plab meningit, teri toshmasi, qo‘tir, bit va suvchechak holatlari qayd etilgan", deyiladi xabarda.

Bayonotga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlangan bolalar diareya, pnevmoniya va bezgakdan o‘lish xavfi yuqori, ayniqsa, hayotni saqlab qolish uchun tibbiy xizmatlardan foydalana olmaganlarida.

Shuningdek, G‘azoda aholining 93 foizi ochlik inqirozi, oziq-ovqat yetishmovchiligi va yuqori darajadagi to‘yib ovqatlanmaslik bilan yuzma-yuz kelmoqda. Kamida 4 uy xo‘jaligidan 1 tasi "halokatli sharoitlarga" mahkum. 

Eslatib o‘tish kerakki, joriy yil dekabr oyi boshlarida Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo qochqinlar lagerlarida kamida 360 ming kishida yuqumli kasallik qayd etilgani haqida bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo sektori yuqumli kasalliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing