G‘azodagi genotsidning qonli bir yili

Tahlil

Bir qamoqxonaga qancha mahbusni sig‘dirsa bo‘ladi? 500 ta? 1000 ta? 2000 ta? Ammo biz yashayotgan sayyorada shunday qamoqxona borki, unda 2 mln dan ortiq mahbus saqlanadi. Bandi qilingan mazkur million insonlar begunoh va aybsiz ekanligi esa qalblarni junbishga solmay qo‘ymaydi. Ha, salkam 20 yildan buyon 2 mln 300 ming mazlum hibsda saqlanadigan mana shunday qamoqxona mavjud. Dunyodagi eng yirik ochiq qamoqxona. G‘azo!!! G‘arbiy hududlarini Tinch va Atlantika okeanlarini bog‘lovchi buyuk suv manbasi – O‘rtayer dengizi yuvib turadigan 365 kv km lik hudud. Chegarasining deyarli yarmi dengiz bilan tutashgan bu joy bir qarashda ko‘rkam va kurort zona bo‘lib ko‘rinishi tabiiy. Uning sohillari, plyajlari va boshqa bir qancha aldamchi ko‘rinishlari sektor va undagi 2 mln 300 ming aholining ayanchli hayot tarzini imkon qadar pardalashga urinadigandek go‘yo. 

G‘azo sektori. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng tom tarasha tushgandek paydo bo‘lgan Isroil davlatchiligi tomonidan uzoq yillardan buyon zug‘umga uchragan, bo‘lib yuborilgan va toptab tashlangan Falastin yerlarining bir qismi. Demokratiya, inson huquqlari, farovonlik va erkinlik kabi atamalar mualliflari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Tel-Avivdagi bosqinchi rejim tufayli shu holga kelib qolgan hudud. Aholisining teng yarmini murg‘ak bolalar tashkil qiladigan, dunyodagi eng yuqori ishsizlik darajasiga ega, insonlarning 80 foizi qashshoqlik darajasida kun ko‘radigan, har kunining teng yarmidan ortig‘i elektr tokisiz o‘tadigan G‘azo. 2007 yildan buyon naqd 17 yil davomida Isroil okkupantlari tomonidan suv, havo va quruqlik blokadasi ostida yashab, iqtisodiy jihatdan abgor ahvolga kelib qolgan, tashqariga chiqish imkoniyatlari qat’iy cheklangan ochiq osmon ostidagi G‘azo mahbuslari.

Genotsid qonining ilk tomchilari

Isroil bosqinchi kuchlarining falastinliklarga qilgan 76 yillik kamsitishlari, aparteid zulmi, 1947, 1967 va bundan keyingi yillar ichida bosqichma-bosqich Falastin yerlarini noqonuniy tarzda okkupatsiya qilishi, falastinliklar uchun G‘azo va G‘arbiy Sohil kabi bir-biridan ancha uzoq bo‘lgan ikki hududnigina qoldirishi, 2007 yildan buyon G‘azo sektoriga suvdan, quruqlikdan va havodan germetik to‘siq qo‘yish va bu orqali ularni azoblab kelishiga bir kun kelib kuchli reaksiya berilishi tayin edi. 2023 yilning 7 oktyabrida shunday voqea yuz berdi. G‘azoni idora qiluvchi HAMAS harakatining qurolli kuchlari Isroil bosqini ostidagi yerlarga kirib keldi. Ular 2000 yillarning oxirida yopilgan chegaralardan o‘tib, yahudiylarning diniy bayrami arafasida o‘z amaliyotlarini boshladi. Ko‘p yillik zug‘umlarga nisbatan qilingan mazkur hujum 7 oktyabr kuni ro‘y berib, unda Isroil aholisining 1200 dan ortig‘i halok bo‘lgani va 200 ga yaqin isroillik HAMAS tomonidan garovga olib ketilgani aytildi. Bir qator dunyo davlatlari HAMASning mazkur harakatini terrorchilik akti deya malakaladi. AQSH Prezidenti Jo Bayden hujumni yahudiylar tarixida Xolokostdan keyingi eng halokatli voqelik deb atadi. Ammo bundan-da ayanchli va dahshatli falokat endi AQSH tomonidan quchoqqa olingan va boshi silab siypalanadigan buzg‘unchi rejim tomonidan amalga oshirilish arafasida edi. HAMAS hujumidan ko‘p vaqt o‘tmay, SAXAL kuchlari 9 oktyabr kuni G‘azo sektorini qamal qilishni boshladi, oziq-ovqat va yoqilg‘i ta’minotini to‘xtatdi va boshqa mamlakatlar va gumanitar tashkilotlarni HAMASni jang qilish uchun vositalar bilan ta’minlashdan ogohlantirdi. 5 kun ichida G‘azodagi infratuzilmani yetarlicha shikastlagan Isroil kuchlari 13 oktyabr kuni bu yerga 350 mingga yaqin qo‘shin kiritib, “Temir qilichlar” operatsiyasi nomi ostida dunyo tarixidagi misli ko‘rilmagan g‘ayriinsoniy jinoyatlarni boshlab yubordi. G‘azo hududida har bir tong bir necha o‘nlab insonlarning o‘limini qarshilash bilan boshlandi. 23 oktyabr kuni Isroil “mudofaa” vaziri Yoav Galant HAMASga qarshi suv, havo va quruqlikdan hujumlar boshlanishini e’lon qildi. Sektor bo‘ylab evakuatsiya harakatlari avj oldi. Bir vaqtning o‘zida 1 mln dan ortiq aholi bosqin nuqtalaridan boshqa hududga ko‘chishi kerak edi. BMT bunday evakuatsiya halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi, ammo vaziyat allaqachon izdan chiqqan, sektor ichidagi falastinliklar darhol Rafahga ko‘chishi lozim edi. 27 oktyabr kuni Isroil bosqini ko‘lami yanada kengaydi. Gumanitar tashkilotlarning G‘azodagi oziq-ovqat zanjiri qil ustidaligi va suv zaxiralari bir necha sutkagagina yetishi haqidagi ogohlantirishlari Isroil bosqinchilari tomonidan inobatga olinmadi. HAMASni yo‘q qilish va harakat tomonidan asirga olinganlarni ozod qilish bahonasida tinch va begunoh aholini qirg‘in tegirmonidan o‘tkazish o‘ta xunuk tus oldi.

Noyabr oyining birinchi haftasiga kelib, bosqinning dastlabki oyi tugash arafasida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 10 mingga yetdi. Bir oy ichida 10 ming begunoh qurbon. Bu bosqin davridagi Isroil kuchlari vahshiyligining eng jirkanch ko‘rinishlaridan biri edi. Mislsiz qirg‘inlar davom etayotgan paytda Qatar va boshqa vositachilarning aralashuvi bilan noyabr oyining so‘nggi 10 kunligi biroz tinchroq o‘tdi. Bu orada tomonlar asirlar almashinuvi kabi muzokaralarni amalga oshirdi. Ammo dekabr oyining ilk kunlaridanoq Isroil bosqini yana qayta tiklandi va oldingi oylardan kam bo‘lmagan jinoyatlar bilan davom etdi. Ular dastlab G‘azoning janubiy qismida joylashgan Xon Yunusda reydlar o‘tkaza boshladi. Bir necha oy ichida genotsid masalasida mutaxassisga aylangan yahudiy bosqinchilari sektor markazi bo‘lgan G‘azo shahrini ham qamal qilishga kirishdi. 20 dekabrga borib, G‘azo sektorida Netanyaxu rejimi tomonidan o‘ldirilgan aholi 20 mingga yaqinlashdi. Eng ayanchlisi esa ularning 7700 nafari bolalar bo‘lsa, 5 mingdan ortig‘ini ayollar tashkil etardi. Bosqin davomida yaralanganlar soni esa yanada qo‘rqinchli raqamlarni tashkil qilib, jarohatlangan jami 52 ming begunohlarning 8 yarim mingdan ortig‘i bolalar, 6 mingdan ortig‘i esa ayollar edi. Bedarak yo‘qolganlar bo‘lsa, alohida mavzu bo‘lib, undaylar soni 8 mingdan ortiqni tashkil etardi.

Genotsid o‘choqlari

Isroilning shafqatsiz bosqini ostida qolgan G‘azo sektori 5 ta ma’muriy hududga bo‘linadi. Bular Rafah, Xon Yunus, Dayr al-Balah, Shimoliy G‘azo va sektorning ma’muriy markazi bo‘lgan G‘azo shahridir. Isroil genotsidi boshlangan ilk kunlardayoq mazkur hududlar birin-ketin qabristonga aylandi. Ayni damda bu joylarni xaritada aks ettirganda qizil, ya’ni qon rangi bilan tasvirlash xato bo‘lmaydi. Quyida esa sektordagi ushbu hududlar kesimida Isroil bosqinchi kuchlarining eng mudhish va g‘ayriinsoniy tarzda sodir etilgan qirg‘inlariga to‘xtalamiz.

G‘azo shahri. Dastlabki kunlardayoq Isroil bosqinchi kuchlarining asosiy nishoni bo‘lgan sektor markazi, keyinchalik Isroilning falastinliklarga uyushtirgan eng jirkanch genotsidi markaziga aylandi. Bir yildan buyon tinimsiz shturm ostida qolib ketayotgan G‘azo shahri bosqin davomida eng dahshatli azob-uqubatlar va misli ko‘rilmagan halokatli zarbalar bilan yuzlashdi. Oktyabrning ilk kunlaridan boshlangan havo hujumlari 17 oktyabr kuni o‘zining eng jadal nuqtasiga chiqdi. Shu kuni yahudiy davlatining bosqinchi havo kuchlari G‘azo shahridagi al-Ahli Arab kasalxonasiga zarbalar yo‘lladi. Mazkur qirg‘in oqibatida bir zumda 500 dan ortiq falastinliklar jon taslim qildi. Bu xalqaro miqyosda Isroilning harakatlari keskin qoralanishiga olib kelgan bo‘lsa-da, qirg‘inni to‘xtatish uchun yetarli darajada amaliy harakatlar qilinmadi. Shunday qilib, 17 oktyabr kuni shifoxonada qilingan jirkanch jinoyat G‘azoda uzoq davom etadigan mudhish genotsidning dastlabki aniq ishoralaridan biri edi. Isroil bosqini oqibatida sektorda tarixdagi eng yomon gumanitar inqirozlardan biri yuz berdi. Oziq-ovqat, toza suv va dori-darmonlarning jiddiy tanqisligiga olib kelgan doimiy blokada sharoitida ochlik va tashnalik g‘azodagilar bilan yonma-yon yurdi. Xalqaro gumanitar yordam zanjiri esa barqaror bo‘lmadi. Oziq-ovqat va boshqa birlamchi ehtiyojlarni yetkazib berishda doimiy uzilishlar kuzatildi. Jumladan, joriy yil boshida 29 fevral kuni G‘azo shahrining janubi-g‘arbiy qismiga bir oy ichida ilk yordam karvoni keldi. Och-nahor falastinliklar yordam yuk mashinalaridan un va konservalarni ola boshlagan, ammo Isroilning bosqinchi askarlari ularning qo‘lidan ushbu mahsulotlarni tortib olib, kutilmaganda olomonni o‘qqa tutgan. Hujum to‘xtaganida, falastinliklar yuk mashinalariga ozuqa ilinjida yana yaqinlashgan, ammo yahudiy askarlar ularga qaytadan o‘t ochishni boshlagan. Mahalliy shifoxona rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, jarohatlarning aksariyati o‘q izlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Falastinlik guvohning BBC’ga ma’lum qilishicha esa, halok bo‘lganlarning aksariyati yuk mashinalari tomonidan atayin ezg‘ilab o‘tilgan. O‘shanda shifoxonada qurbonlar va yaralanganlar uchun tez tibbiy yordam mashinalari yetarli bo‘lmagani uchun ba’zilar eshak aravalarda shifoxonaga olib kelingani aytilgan. Teraktdan-da battarroq bo‘lgan mazkur qirg‘inda 112 kishi halok bo‘ladi, 280 kishi jarohatlanadi. Ba’zi manbalar esa “un qirg‘ini” deb nomlangan ushbu genotsid aktida yaralanganlar soni 700 dan ortiq bo‘lganini ta’kidlaydi. Shunday qilib, falastinliklar oziq-ovqat tarqatiladi degan umidda yig‘ilgan joyda bosqinchilar tomonidan qirib tashlanadi.

Isroil bosqinchilarining G‘azo shahridagi keyingi ikki jirkanch harakatlari shifoxona va maktab kabi fuqarolik ob’ektlarida sodir bo‘ldi. Xususan, joriy yilning 18 martidan 1 apreligacha Isroil okkupantlari G‘azo shahridagi al-Shifa tibbiyot majmuasini naqd ikki hafta davomida qamal qilib, 400 falastinlikni o‘ldirdi. Isroil genotsidining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan SAXAL qo‘shini al-Shifani tark etganidan so‘ng, shifoxona ichida uchta ommaviy qabr topildi. Shuning o‘zi qirg‘in ko‘lami qay darajada bo‘lganidan dalolatdir.

G‘azo shahridagi keyingi ayanchli qirg‘in oradan ancha vaqt o‘tib, yozda, 10 avgustda sodir etildi. Isroil qotillarining harbiy samolyotlari bomdod namozi paytida Al-Tabain maktabi ichidagi ibodat maydonini bombaladi. Maktabga qilingan hujum 100 dan ortiq falastinliklarni, shu jumladan ayollar va bolalarni bu hayotdan olib ketdi. 

Xon Yunus. Isroil qirg‘in operatsiyasi boshlangandan buyon G‘azo shahridan keyingi eng yirik qabristonlardan biri. Isroil bosqinchilari G‘azo sektori janubida joylashgan mazkur hududda o‘z ortidan bir qancha ommaviy qabrlar qoldirib ketdi. Begunohlar jasadi bilan to‘lgan ommaviy qabrlar. Xon Yunus shaharchasidagi mana shunday qabrlardan shu paytgacha 300 ga yaqin jasadlar topildi va bu katta ehtimol bilan so‘nggi qurbonlar emas. Hududdagi Nosir shifoxonasi esa ayni damda hujumlar oqibatida o‘likxonaga aylangan. Xon Yunusda Netanyaxu rejimi tomonidan uyushtirilgan eng yirik genotsid aktlaridan biri bu – Al-Mavasi qochqinlar lagerida sodir bo‘ldi. “Xavfsiz hudud” deya ko‘rilgan Xon Yunusdagi Al-Mavasi lageri 13 iyul sanasida qiruvchi samolyotlar hujumiga duchor bo‘ldi. 90 falastinlik hayotiga zomin bo‘lgan bu hujumda yana 300 kishi turli darajada yaralandi. Isroil matbuoti esa o‘zining bu qirg‘inini ham har doimgidek maxsus operatsiya deb atab, bundan ko‘zlangan maqsad HAMAS harakati harbiy qanoti qo‘mondonlaridan birini yo‘q qilish bo‘lganini da’vo qildi. Ularga ko‘ra, nishon halok bo‘lgan yuzlab begunoh falastinliklar emas, balki Muhammad Deyf ismli qo‘mondon bo‘lgan. Ammo HAMAS bu da’voni rad etib, o‘sha kuni hech bir rahbar nishonga olinmaganini aytdi. Birgina aybdorni jazolash uchun yuzlab, minglab begunohlarning qoni to‘kilishi G‘azoda o‘tgan bir yil ichida hayratlanarli hodisa bo‘lmay qoldi va yuqoridagi holat ham shular jumlasidan edi.

Ammo Isroilning Xon Yunusdagi g‘ayriinsoniy jinoyatlari bu bilan tugamadi. 10 sentyabr kuni yahudiy bosqinchilarining gilotinaga aylangan samolyotlari Al-Mavasi lagerini yana nishonga oldi. Xavfsiz boshpana ilinjida shu yerda qo‘nim topgan falastinliklarning chodirlari bombardimon qilinib, 40 kishi o‘ldirildi va buning oqibatida yana 60 kishi yaralandi. Hujum o‘z ortidan bombalarning chuqur kraterlarini qoldirdi. Ba’zi monitoring markazlari AQSH ushbu jinoyatda bevosita ishtirok etganini ta’kidladi. Chunki lagerga uyushtirilgan hujum boshqa genotsid aktlari singari Amerikada ishlab chiqarilgan qurollar bilan amalga oshirilgan edi.

Dayr al-Balah. G‘azo sektoridagi eng asosiy va yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi. Genotsid boshlangandan buyon bu yerda to‘rtta qochqinlar lageri faol ishlab turdi. Nuseyrat, Bureyj, Magazi va Dayr al-Balah kabi boshpanalar bosqindan panoh bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Lekin yakunda unday bo‘lmadi. 8 iyun kuni qirg‘in ramziga aylangan Isroil qo‘shinlari Nuseyrat qochqinlar lagerini havo va artilleriya zarbalari bilan nishonga olib, naqd 274 nafar falastinlikni halok qildi. Eng achinarlisi esa halok bo‘lganlar ichida 64 nafar bola va 57 nafar ayol bor edi. Bu hujum Dayr al-Balahdagi eng mudhish voqealardan biri bo‘ldi. Bundan keyin ham mazkur hududda bir nechta genotsid aktlari uyushtirildi. Xususan, 17 avgust kuni Dayr al-Balah va Nuseyrat qochqinlar lageriga qilingan bir qator hujumlar ortidan qirqqa yaqin kishi o‘ldirildi. Isroil genotsid kuchlarining keyingi nishoni Dayr al-Balah shahridagi maktab bo‘ldi. Hujum oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi. Fuqarolik ob’ektlarini o‘z o‘ljasiga aylantirgan Isroil Dayr al-Balah shahrida maktab, masjid, qochqinlar lageri, xullas, odam qadami yetgan jamiyki yerda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qirg‘inlar uyushtirdi.

Shimoliy G‘azo. G‘azo sektorining ma’muriy markazi bo‘lgan G‘azo shahridagi har bir qarich yerni begunohlar qoniga bulg‘agan Isroil uning yuqori qismidagi Shimoliy G‘azo hududini ham ayanchli ahvolga keltirdi. Isroilning keyingi qirg‘ini G‘azo shahridan uzoqlashmagan holda amalga oshirildi. Sektor markazidan uncha uzoq bo‘lmagan Jabaliya qochqinlar lageri 31 oktyabr kuni Isroil havo hujumlari ostida qoldi. Bosqinchi havo kuchlari Jabaliyadagi qochqinlar o‘ta zich joylashgan nuqtani o‘qqa tutdi va, asosan, ayollar va bolalardan iborat bo‘lgan mingdan ortiq  begunohni halok qildi. Bosqinchi yahudiy kuchlar mazkur lagerga qilingan keng ko‘lamli hujumini HAMAS qo‘mondonlaridan biri Ibrohim Al-Biyarini yo‘q qilish maqsadi bilan izohladi. Ammo yuqorida aytganimizdek, bu hujumda 1000 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Oradan ikki haftadan biroz ko‘proq vaqt o‘tib, 18 noyabrda Shimoliy G‘azodagi BMT tomonidan boshqariladigan Al-Faxura maktabiga ham havo hujumlari uyushtirildi. Qochqinlar uchun boshpana rolini bajarayotgan mazkur maktabda o‘sha kuni Isroil hujumi ortidan 50 nafardan ortiq begunohlar qirildi va 200 kishi og‘ir jarohatlardan aziyat chekdi. Maktablar xalqaro gumanitar qonun ostida himoyalangan bo‘lsa-da, Isroil har doimgidek bunday tartiblarga tupurdi.

Rafah. G‘azoning eng chekka janubiy nuqtasi. May oyining so‘nggi kunlarida Isroil qirg‘in mashinasi tomonidan majaqlanganidan so‘ng butun dunyoga tanilgan hudud. Qonga belangan holda ijtimoiy tarmoq yulduziga aylangan shahar. 24 may kuni Xalqaro sudning Isroilga qarshi qabul qilingan qaroriga qaramay, mamlakat armiyasi Rafah shahrini o‘qqa tutishda davom etdi. O‘z o‘rnida HAMAS ham ushbu hujumga javob qaytardi va 26 may kuni Rafahdan Isroil tomon 8 ta raketa uchirildi. Ularning bir nechtasi Isroil mudofaa tizimi tomonidan tutib olindi. Shu kuni Isroilning markaziy qismida so‘nggi to‘rt oy ichida birinchi marta havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi va sirenalar yangradi. Ammo bu voqea keyinchalik butun dunyoni larzaga solgan Isroilning keyingi qirg‘ini uchun asos bo‘lib xizmat qildi. 27 may kuni Tel-Avivdagi jinoyatchi rejim Rafah shimoli-g‘arbidagi Tal as-Sulton hududida o‘rnatilgan qochqinlar lageriga hujum qildi. Keng ko‘lamdagi bombalar yomg‘iri oqibatida kamida 35 falastinlik halok bo‘ldi. Ular orasida ayollar va bolalar ko‘pchilikni tashkil etardi. Keyinroq qurbonlar soni 45 nafarga yetgani, yana 249 nafar falastinlik yaralangani ma’lum bo‘ldi. Mahalliy axborot agentligiga ko‘ra, chodir lageriga kamida sakkizta raketa bilan hujum qilingan. Hujum oqibatida yong‘in chiqqan va chodirlardagi ko‘plab begunoh odamlar tiriklayin yonib ketgan. Bu qirg‘in butun dunyoda, xususan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qanday qabul qilingani va butun insoniyatni qay darajada g‘azab otiga mindirgani esa barchaga ma’lum.

Tarix hech qachon kechirmaydigan razil va jirkanch jinoyatlar

Dunyo G‘azo misolida yer yuzidagi eng jirkanch va razil jinoyatlar guvohiga aylandi. O‘tgan bir yil davomida Isroil jaholati o‘zining tom ma’nodagi rasvo ko‘rinishiga chiqdi. Bu o‘zini inson deb ataydigan johillar tomonidan amalga oshirildi. Tel-Avivda jinoyatchi rejim G‘azoda 1 yil ichida hozirgacha 41 ming 900 dan ortiq begunoh falastinlikni o‘ldirdi, o‘tda yoqdi. 97 mingdan ortiq insonni mayib-majruh ahvolga keltirdi. 17 mingga yaqin murg‘ak qalb egalari bo‘lgan bolalar halok qilindi. 10 minglab ayollar Isroilning qonli tegirmonida majaqlanib jon berdi. 10 mingdan ortiq inson nom-nishonsiz tarzda g‘oyib bo‘ldi. Eng achinarlisi esa og‘ir darajada jarohatlanganlarning aksariyatini bolalar tashkil qilib, ular orasida oyoq-qo‘lidan ayrilgan va butun umr mayib-majruh holda yashashga mahkum bo‘lganlar talaygina. Bu esa G‘azodagi millionlangan falastinliklarning genofondi jiddiy tarzda shikastlanganidan dalolatdir. Yahudiy davlati rejimining son-sanoqsiz yana minglab qurbonlari gumdon qilingan ommaviy qabrlar topilishi va ularni qidirish ishlari esa hamon davom etib kelmoqda. Sektordagi gumanitar inqirozning ko‘lamini tasavvur qilish borgan sari og‘riqli bo‘lib bormoqda. Bu boradagi statistik ma’lumotlar esa deyarli har lahzada insoniyatni junbishga keltirmoqda.

Ortda qolgan 1 yillik qirg‘in davomida naqd 3654 ta genotsid akti sodir etildi. G‘azodagi infratuzilmaning 90 foizi yo‘q qilindi. Turarjoylarning yarmidan ko‘pi, tijorat ob’ektlarining 80 foizi, maktab binolarining 87 foizi, yo‘l tarmoqlari va ekin maydonlarining 70 foizga yaqini butkul vayron qilindi. Bir yil davomida sektorga o‘rtacha har soatda 40 ta bomba tashlandi, 12 ta bino vayron qilindi, 15 kishi halok bo‘ldi va 35 kishi yaralandi. Bularning barchasi yil davomida har bir 60 daqiqada ro‘y berdi deganidir. Tashlangan bombalarning umumiy og‘irligi esa 70 ming tonnadan ortiq bo‘lib, bularning 65 tonnasi atigi 90 kun ichida HAMAS yetakchilarini yo‘q qilish bahonasida tinch aholi ustiga tashlangan. Bu insoniyat tarixidagi eng ulkan bomba yomg‘iri bo‘lib, Ikkinchi jahon urushida nemis fashistlari tomonidan Londonga tashlangan 20 ming tonnalik miqdordan salkam 4 barobarga ko‘proqdir. O‘tgan bir yil davomida Isroil tomonidan G‘azoda qilingan qirg‘in, genotsid, ayovsiz va shafqatsiz hujumlarning dahshatlari bilan birga hududdagi ijtimoiy hayot ham do‘zaxga aylandi. Joriy yil yoz faslining o‘rtasiga kelib G‘azodagi bolalar orasida yoppasiga o‘lim xavfi paydo bo‘ldi. O‘tkir, o‘ta yuqumli bo‘lgan virusli kasallik – poliomiyelit butun G‘azodagi bolalar hayotiga xavf sola boshladi. Markaziy asab tizimiga kirib, neyronlarda tarqalgan holda mushaklarning falajlanishi va kelgusida ko‘p ehtimol o‘limga olib keluvchi bu virus G‘azodagi genotsidning eng og‘riqli jihatlaridan biriga aylandi. Xon Yunus va Dayr al-Balahdagi kanalizatsiyalarda aniqlangan ushbu virus avgust oyi oxirida G‘azoda go‘daklardan tortib 10 yoshgacha bo‘lgan 650 mingdan ortiq bolani zudlik bilan emlash ehtiyojini tug‘dirdi. Bundan tashqari, Isroil bosqinchi kuchlari quduqlar, suv havzalari, nasos stansiyalari va quvur tarmoqlarini vayron qilgani sababli G‘azo sektorining janubida suv inqirozi kuchaydi. Isroilning G‘azoda uzoq davom etayotgan bosqini oqibatida anklav janubidagi Xon Yunus shahridagi beshta asosiy suv omboridan to‘rttasi vayron bo‘ldi. Quduqlar, suv omborlari va quvur tarmoqlariga zarar yetkazilib, mahalliy aholi deyarli suv ta’minotidan mahrum etildi.

Shunday qilib, G‘azo mana shunday dahshatli gumanitar inqiroz va ijtimoiy hayotning eng abgor ko‘rinishi bilan esda qolmoqda. Hududda Isroil tomonidan sodir etilgan 3654 ta genotsid aktining har biri, unda halok bo‘lgan har bir begunohning alohida tarixi xotiralarga abadiy muhrlandi. U yerdagi har bir o‘lim o‘ziga xos ayanchli va dilni xira qiluvchi lahzalarga ega. Shu o‘rinda esa bugun G‘azodagilarning ichidan o‘tayotgan hislarni tasvirlash uchun bir voqeani yodga olish kifoya. Tarixga muhrlangan va hech kimning yodidan chiqmaydigan, aniqrog‘i hech kim unuta olmaydigan mazkur mudhish hodisa G‘azo sektoridagi Dayr al-Balahda yuz berdi. Isroil qirg‘ini boshlangach, shu yerga xavfsiz hudud degan umidlarda ko‘chirilgan falastinlik Muhammad Abu Al-Qumsan va uning oilasi 12 avgust kuni og‘ir musibatni boshidan kechirdi. 8 avgust kuni egizak farzandli bo‘lgan ota, 12 avgustda to‘rt kunlik egizaklari uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olish maqsadida uydan chiqqandi. Ammo biroz vaqt o‘tib ota uyga qaytganida, qo‘lida ikki go‘dakning guvohnomasini tutgancha xotini va yangi tug‘ilgan egizaklarining halok bo‘lganiga guvoh bo‘ldi. Uning rafiqasi, farmatsevt Joumana Arafa to‘rt kun oldin egizaklarni dunyoga keltirganini Facebook’dagi sahifasida e’lon qilgan edi. Al-Qumsan mahalliy hukumat idorasiga tug‘ilishni qayd etish uchun ketganida ularni so‘nggi bor tirik holda ko‘rgandi. Bu G‘azoda Isroil tomonidan sodir etilgan 3654 ta genotsid ichidan faqat birginasining tarixi xolos. Aslida har bir qirg‘in qurbonining mana shundan kam bo‘lmagan azobi, dard va sitamlari bor.


Maqola muallifi

Teglar

Netan'yaxu G'azo HAMAS Rafah Genotsid Dayr al-Balah Joumana Arafa Al-Qumsan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing