G‘azo bo‘yicha sulh imzolandi

Olam

image

Bugun, 13 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Misrning Sharm-al-Shayx shahrida o‘tgan sammitda mintaqadagi boshqa rahbarlar – Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan birga G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvini imzolab, uni “juda muhim imzolash marosimi” deb ta’kidladi.

Sammitda yetakchilik rolida bo‘lishdan mamnun ko‘ringan Tramp o‘zining xodimlari va maslahatchilariga, “eng qiyin” deb o‘ylagan kelishuvni amalga oshirganlari uchun minnatdorlik bildirdi.

“Men bu, ehtimol, eng qiyini bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Va ayrim jihatlardan u shunday bo‘ldi ham. Lekin bizda juda katta salohiyat, iste’dod bor edi. Bizda hayratlanarli darajada iqtidorli jamoa bor edi, xususan, bu stol atrofida o‘tirgan mamlakatlar bizga yordam berdi”, dedi Prezident Tramp.

U shundan so‘ng nutq so‘zlashini va keyin yetakchilar bilan yopiq tartibda uchrashishini aytdi.

Bugun imzolangan hujjatning tafsilotlari hozircha e’lon qilinmadi. Biroq hujjatni imzolash marosimida zalda bo‘lgan fotograf olgan surat ayrim savollarga javobdan darak beradi. Tramp ko‘tirib ko‘rsatgan hujjatning yuqori qismida “barcha insonlar uchun bag‘rikenglik, qadr-qimmat va teng imkoniyat” kabi maqsad va majburiyatlar yozilgan.

Oxirgi sahifaning birinchi bandida shunday deyiladi:

“Biz barcha insonlar uchun bag‘rikenglik, qadr-qimmat va teng imkoniyatni istaymiz, shu orqali bu mintaqani irqi, dini yoki millatidan qat’i nazar, har kim o‘z orzularini tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy farovonlik sharoitida amalga oshira oladigan maskanga aylantirishga intilgan holdamiz.”

Sahifaning pastki qismida esa AQSH, Misr, Qatar va Turkiyadan bo‘lgan mintaqaviy yetakchilar hamda otishmani to‘xtatish kelishuvi bo‘yicha vositachilarning imzolari va lavozimlari yozilgan. 

Qayd etish joiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS G‘azo sektoridagi mojaroni hal etish bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuv imzolaganini ma’lum qilgandi. Amerika rahbari bu “barcha garovdagilarning tez orada ozod qilinishi, shuningdek, Isroil qo‘shinlarining kelishilgan chiziqlargacha orqaga chekinishini” anglatishini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun HAMAS dastlab 7 nafar isroillik asirni, keyinroq esa yana 13 nafar isroillik asirni Qizil Xochga topshirgani haqida xabar berilgan edi. Hozirga kelib, ular Isroilga yetib borgan. Isroil esa 154 nafar ozod etilgan falastinlik mahbusni deportatsiya qiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya Donal'd Tramp Misr Qatar G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing