G‘azo bo‘yicha muzokaralarda asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Olam
−
24 fevral
7068Parijda bo‘lib o‘tayotgan konferensiyada HAMAS tomonidan garovga olingan mahbuslarni Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklarga almashishning yangilangan shartlari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda “Al-Hadath” telekanali xabar berdi.
Aytilishicha, joriy yilning 23 fevral kuni Parijda G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha ko‘p tomonlama muzokaralarning ikkinchi raundi boshlangan. Unda Misr, Isroil, Qatar va AQSH vakillari ishtirok etmoqda. Telekanal manbalariga ko‘ra, uchrashuvning maqsadi sektorda o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni falastinlik mahbuslar bilan almashish bo‘yicha kelishuvga erishishdir.
Shuningdek, G‘azo aholisiga gumanitar yordam yetkazish jarayonini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Telekanalning ta’kidlashicha, Parij muzokaralarida Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilish bo‘yicha yangi kelishuvga erishilgan. Almashinadigan shaxslar soni va aniq ro‘yxati ham muhokama qilingan.
“Ikki tomon ham sulh tuzishga tayyor, biroq vaqt tugab boryapti. Gap joriy yil 11 martda boshlanadigan Ramazon oyiga qadar sulhga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish haqida bormoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yahudiy davlati delegatsiyasi Parijdagi uchrashuvlar natijasini hukumat bilan maslahatlashish uchun Isroilga jo‘nab ketgan.
Ulkanbayeva Rayhona