G‘azo bo‘yicha muzokaralar hal qiluvchi pallada – Qatar

Olam

image

G‘azo sektoridagi urushda AQSH qo‘llab-quvvatlayotgan yarashuvni mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar “hal qiluvchi” bosqichga kirgan. Bu haqda bugun, 6 dekabr kuni Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdurrahmon Ol-Soniy “Doha forumi” anjumanidagi muhokama chog‘ida ma’lum qildi.

Qatar – urushda asosiy vositachi davlatlardan biri hisoblanadi. Ol-Soniyning aytishicha, vositachi mamlakatlar yarashuvning navbatdagi bosqichini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. 

“Biz hal qiluvchi pallada turibmiz. Yarashuv hali to‘liq amalga oshgani yo‘q. Bizgacha erishilgan narsa – bu faqat vaqtincha tanaffus. Bu hali to‘liq o‘t oshirishni to‘xtatish emas. Yarashuv to‘liq amalga oshishi uchun Isroil qo‘shinlari butunlay chiqib ketishi, G‘azo barqarorlikka qaytishi, odamlar bemalol kirib chiqa olishi lozim, hozir esa bunday emas”, dedi Qatar Bosh vaziri.

Falastinda ikki yil davom etayotgan urushni tugatishga qaratilgan AQSH Prezidenti Donald Tramp rejasining keyingi bosqichlariga oid muzokaralar davom etmoqda.

Rejaga ko‘ra, G‘azoda vaqtinchalik texnokratlardan iborat Falastin hukumati tuzilishi va uni xalqaro “tinchlik kengashi” nazorat qilishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayon xalqaro xavfsizlik kuchlari bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Vakolat va tarkib bo‘yicha kelishuv eng murakkab masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

4 dekabr kuni isroillik delegatsiya Qohirada vositachilar bilan uchrashib, G‘azodagi so‘nggi asir qaytarilishi masalasini muhokama qildi. Bu qadam Tramp rejasining dastlabki qismi tugallanishi uchun zarur, deb hisoblanadi.

Tanaffus boshlanganidan beri HAMAS 20 nafar tirik garovga olinganlar va 27 ta marhum jasadini qaytardi, evaziga taxminan 2 000 nafar falastinlik qo‘lga olingan va mahkumlar ozod qilindi.

Jang harakatlari sezilarli darajada kamayganiga qaramay, Isroil G‘azoga hujumlarni davom etmoqda va HAMAS infratuzilmasi deb hisoblangan ob’ektlarni vayron qilmoqda. HAMAS va Isroil esa kelishuv buzilishida bir-birini ayblamoqda.

6 dekabr kuni Isroil armiyasi ma’lum qilishicha, kelishuvda belgilab qo‘yilgan “sariq chiziq” orqasida turgan qo‘shinlar, chiziqdan o‘tib kelgan falastinlik jangchilarga o‘t ochgan va ulardan uch nafari halok bo‘lgan. Hodisa yuzasidan G‘azo sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan hozircha aniq ma’lumot va halok bo‘lganlar shaxsi haqida ma’lumot berilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar Isroil G'azo Hamas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing