G‘azo. Haqiqat uchun halok bo‘lganlar
Tahlil
−
27 Sentabr
3077Tasavvur qiling, atrofingizda bombalar portlayapti, uzilgan qo‘l-oyoqlar sochilib yotibdi, devorlar qon bilan qoplangan, tez-tez qulog‘ingizga odamlarning qichqiriqlari eshitilib turadi. Etni junjiktiradigan manzara, shunday emasmi? Ammo dunyoda shunday kasblar ham borki, ular bilan shug‘ullanadiganlar nafaqat o‘zining, balki butun oila a’zolarining hayoti tahlika ostida bo‘lishini bila turib, jang maydoniga o‘z oyoqlari bilan boradi. Xalqaro hujjatlarga ko‘ra, daxlsizligi ta’minlanishi kerak bo‘lgan bu insonlarining ko‘pi urush maydonidan qaytmaydi. Ular – shifokorlar, gumanitar xodimlar va jurnalistlardir. Bugun biz siz bilan Isroilning G‘azoga 11 oydan buyon davom etayotgan bosqini oqibatida halok bo‘lgan jurnalistlar haqida suhbatlashamiz..
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bildirgan ma’lumotga ko‘ra, jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblar qatorida turadi. 2023 yil 7 oktyabrda Isroil G‘azoga bosqini boshlangandan so‘ng, bu so‘zlar yanada haqiqatga aylandi. Urush boshlangandan to joriy yil sentyabr oyiga qadar, deyarli bir yil ichida 41 mingdan ortiq odam G‘azoda halok bo‘ldi. Ular orasida 116 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari ham bor. Ularning 111 nafari falastinlik, ikki nafari isroillik va uch nafari livanlik. 33 jurnalist yaralangani xabar qilingan. 2 nafari bedarak yo‘qolgan. 52 jurnalist hibsga olingan. Bu hali hammasi emas, hozirda potensial qotilliklar, hibsga olishlar va jarohatlar bo‘yicha yana 350 ta qo‘shimcha holatlar tergov qilinmoqda. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (JHQ) bu holatni 1992 yilda ma’lumotlar to‘plashni boshlaganidan beri jurnalistlar uchun eng halokatli davr bo‘ldi, deb yozmoqda.
“G‘azoda urush boshlanganidan beri jurnalistlar o‘z xabarlari uchun eng qimmatli narsa – hayotlari bilan tovon to‘lashmoqda. Himoya, asbob-uskunalar, xalqaro aloqa, oziq-ovqat va suvsiz bo‘lsada, ular hali ham dunyoga haqiqatni aytish uchun muhim ishni bajarmoqdalar”, dedi Nyu-Yorkdagi JHQ dasturi direktori Karlos Martines de la Serna.
Shunday tovonni to‘lagan jurnalistlardan biri falastinlik Muhammad Abu Xatab edi. U bilan sodir bo‘lgan voqea butun dunyo tomoshabinlarini ta’sirlantirdi. Falastin ma’muriyati telekanalida ishlaydigan jurnalist Salmon al-Bashir hamkasbi Abu Xatabning o‘limi haqida jonli efirda yig‘lab xabar berdi. U reportajni Xatab va uning 11 nafar oila a’zosi o‘lgan shifoxonada turib uzatdi. Buni eshitgan studiyadagi boshlovchi ham o‘zini yig‘idan tiyolmadi.
Axborot berar ekan jurnalist himoya kiyimini yechib tashladi. U jurnalistlar himoya qilinmayotgani, “matbuot” yozuvi ostidagi himoya jiletlari va shlemlari shunchaki nishon ekanligini aytdi. Bashir, Hatabning bundan 30 daqiqa oldin tirik bo‘lgani, G‘azodan turib xabar bergan jurnalistlarning jonli efir vaqtida qurbon bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.
Isroilning G‘azoga bergan zarbalari oqibatida jurnalistlarning oila a’zolari ham halok bo‘lmoqda. Jumladan, falastinlik jurnalist Muhammad Abu Jasser onasi, rafiqasi va kamida ikki farzandi bilan Isroil havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan.
Abu Jasser urush boshlangan kuniyoq G‘azo shimolidagi havo hujumlari va dafn marosimlari haqida xabarlar uzatishni boshlagan. 13 oktyabr kuni esa u Facebook’da “Men va butun oilam uchun biz ketmaymiz” deb yozdi. U shunday qaltis vaziyatda vatanini tashlab ketmadi. Oqibatda dast avval ukasini yoqotdi. Jurnalist ukasining dafn marosimidan uzatgan video postiga "G‘azodagi kundalik manzara" deb yozib qo‘ydi. Oradan ko‘p o‘tmay, vazifasini bajarish vaqtida o‘zi ham butun oilasi bilan halok bo‘ldi.
Falastinlik jurnalist, Al-Jazira va Turkiya davlat teleradiokompaniyasi va TRT telekanallari uchun mustaqil operator bo‘lib ishlovchi Sa’di Madux Isroil havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan. Uning so‘nggi loyihasi urush paytida falastinlik bolalarning G‘azodagi o‘limi haqidagi video edi. Madux G‘azo shimolidagi urush haqida Facebook da ko‘plab postlar yozgan. Shundan postlaridan birida u "Menga maqsadlarga erishish qiziq emas, faqat urush tugashi haqida qayg‘uraman" deb yozgan. Vafoti kuni esa “Bizdan nima so‘rasangiz, javobimiz “Xudoga shukur” bo‘ladi” deb so‘nggi postini joylagan.
Urush sabab dunyodan barvaqt ko‘z yumgan jurnalistlar orasida ayollar ham bor. Falastin OAV Assambleyasida jurnalist ayollar qo‘mitasi rahbari bo‘lish ishlovchi Salom Mema shular jumlasidandir. Uning o‘limi 2023 yil 13 oktyabr kuni tasdiqlandi. Jurnalistning jasadi Jabaliya qochqinlar lageridagi uyiga uyushtirilgan Isroil havo hujumidan uch kun o‘tib, vayronalar ostidan topilgan.
2023 yil 21 noyabr kuni esa Hizbullohga aloqador Al-Mayadeen telekanalining livanlik muxbiri Fateh Umar Livan chegara yaqinidan material uzata turib halok bo‘lgan. Ushbu voqeaga ham isroilliklarning zarbasi sabab bo‘lgan. U Livan-Isroil chegarasi bo‘ylab jangovar harakatlar avj olgani haqida xabar bergan va o‘limidan bir soat oldin jonli efirga chiqqan.
Xabar uzata turib halok bo‘lgan OAV xodimlaridan yana biri Al Jazeera telekanalining operatori Samer Abu Daqqa edi. U 2023 yil 15 dekabr kuni Isroilning tunda Xon Yunis markazidagi boshpanalardan biriga bergan zarbalari oqibatlarini o‘rganish uchun borgandi. Ammo kadrlarni uzata turib dron hujumi oqibatida halok bo‘ldi. U Isroil kuchlari tomonidan qurshab olingan maktabda boshqa yaralanganlar bilan qamalib qolgan. Jurnalist tibbiy yordamga muhtoj edi, ammo evakuatsiya qilishning imkoni bo‘lmagan.
2023 yil 19 dekabr kuni esa falastinlik jurnalist naqt 25 nafar oila a’zosi bilan halok bo‘ldi. Adel Zorob Hamasga aloqador Al-Aqsa radiosi uchun mustaqil jurnalist sifatida ishlagan. U Rafahdagi uyiga uyushtirilgan Isroil havo hujumi sabab vafot etgan. Zorob ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga G‘azo urushi haqidagi xabarlarni joylashtirib borgan. Uning oxirgi xabari o‘limidan oldin yuborilgan. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, 1,9 millionga yaqin odam, ya’ni hudud aholisining 80% dan ortig‘i urush sabab uylarini tashlab ketgan. Ammo Zoroblar oilasi hududda qolgan kam sonli falastinliklar orasida edi.
“U dam olishni xohladi, ammo bu dam olish abadiy bo‘lishi kerak emasdi”.
Falastinlik jurnalistning ukasi uning o‘limini shunday achchiq nadomat bilan eslaydi. Bu jurnalist Ahmad Xayriddin edi. U 2023 yil 28 dekabr kuni Isroilning uyiga uyushtirgan havo hujumida oqibatida 12 nafar oila a’zolari bilan vafot etgan. Xayriddinning ukasi Basil jurnalistning o‘limi to‘g‘risida mahalliy nashrga bergan intervyusi tarmoqlarda tarqaldi. Unga ko‘ra, Ahmad 82 kun ichida birinchi marta ishdan bir kunlik dam olishni xohlagan. Basil ko‘chaga chiqayotib, undan birga borishni so‘ragan. Ammo jurnalist uydan chiqishni istamaganini aytgan. Shunday qilib, jurnalist o‘zining yagona dam olish kunida vafot etgan.
2024 yil 10 yanvar kuni esa Bavobat al-Hadaf mahalliy internet nashri uchun ishlaydigan falastinlik jurnalist Ahmad Bdeyr Isroil havo hujumida Aqsa shahidlari shifoxonasi yaqinida halok bo‘ldi. Xalqaro va ba’zi mahalliy nashrlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Bdeyr shifoxona darvozasi oldida o‘rnatilgan jurnalistlar chodiri yonida turgan vaqtda shrapnel tegib vafot etgan. O‘sha vaqtda u o‘z vazifasini bajarayotgandi. U urush vaqtida yangiliklarni yoritish uchun tinimsiz mehnat qilgan.
Isroil mudofaa kuchlari (IMK) bir necha bor ommaviy axborot vositalariga armiya jurnalistlarni ataylab nishonga olmaganini bildirdi. Shuningdek, ular oktyabr oyida agentliklarga jurnalistlar xavfsizligini kafolatlay olmasligini aytdi. Ammo hech qanday vaziyat urushda betaraf va aybsiz bo‘lgan insonlarning o‘limini oqlamaydi.
Bugunga qadar urushda 40 mingdan ziyod odam halok bo‘ldi va bu raqamlar har kuni o‘sishda davom etyapti. Xo‘sh, nima uchun ular orasida 116 nafar jurnalist alohida ahamiyatga ega? Agar jang maydonidan efir uzatilmasa, axborot berilmasa, butun dunyo Isroilning “hujumlar faqatgina Hamasning bazalariga uyushtirilyapti”, degan yolg‘onlariga ishonayotgan, butun dunyoning ko‘zi G‘azoga qaratilmagan bo‘lardi. Insonlar minglab begunoh odamlar o‘layotganidan, bolalar har kuni o‘q va portlash ovozlarini eshitib uyg‘onayotgani, ochlikdan vafot etayotganidan bexabar qolardi. Urush bugungidan ham dahshatliroq tus olardi. Jurnalistlar va OAV bu qonli to‘qnashuvlarda biroz bo‘lsada tiyib turuvchi kuch vazifasini o‘tamoqda.
Jurnalistika tasavvurimizda shakllangani kabi bejirim kiyimlar kiyib, mikrofon ko‘targancha hashamatli bayramlardan reportaj uzatish emas. Ustozlarimdan biri “Jurnalistikaning nonini yeyish uchun temirdan tish bo‘lishi kerak”, deb aytardi. Bu dam olish kunlaridan voz kechish, kezi kelganda maoshsiz ishlashga ham rozi bo‘lish, tazyiqlarga va uyga qaytib kelmaslikka tayyor bo‘lish demakdir. Ba’zida jurnalistlarning hayotini o‘rtaga tikib tayyorlagan materiallari efirlardan uziladi, tarmoqlardan o‘chiriladi. Buni ko‘ra-bila turib, yana ishida davom etish ham bir jasorat. Ushbu video jang maydonlarida mardona vazifasini o‘tayotgan, kasbi sabab qamalgan, jazolangan, ta’qiblarga uchragan va vafot etgan jurnalistlarga bag‘ishlandi.