Gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi – Alisher Sultonov
Jamiyat
−
09 fevral 2021
13609O‘zbekistonda energiya resurslari tejab ishlatilsa, mamlakat hozirgi imkoniyati bilan uch baravar yuqori talabni ham qondira oladi. Bu haqda Energetika vaziri Alisher Sultonov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyadan kelgan kompaniya rahbari Bosh vazir Abdulla Aripov bilan urashuvda mamlakat 95 mln aholisi va butun iqtisodiy tuzilmasini gaz bilan ta’minlashi uchun yiliga 45 mlrd kub metr gaz sarflanishini aytib, O‘zbekistonda bu borada muammolar borligini qayd etgan.
“Turkiya davlatida ishlab chiqarish, sanoat rivojlangan, bularning barchasi energiya resurslarini talab qiladi. Bizning aholimiz 95 million. Ularning ham yashashi yaxshi, hech kim qishda sovuqda o‘tirmaydi. Biz 95 million aholi va rivojlangan sanoat bilan yillik 45 mlrd kub metr gaz iste’mol qilsak, O‘zbekiston 35 million aholi bilan 45 mlrd kub metr gaz iste’mol qilmoqda”, deya turk tadbirkorining so‘zlarini keltirgan Sultonov.
Vazir so‘zida davom etib, mamlakatda aholiga “nega gaz yetmayapti”, degan savolga javob bergan va tejamkorlikning ahamiyatini tushuntirib o‘tgan.
“Bizning gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi. Shuning uchun energiya samaradorlik bizning asosiy shiorimiz bo‘lishi kerak. Shu yillar davomida eng asosiy islohotimiz – energiya tejamkorlik. Agar biz buni tushuntirishni yosh bolalardan boshlasak, miyasiga quysak, tishini tozalayotganda suvni, xonadan chiqayotganda “svet”ni o‘chirib qo‘yish kerak. Buning ichida ishlab chiqarishlarning ham energiya tejamkorligi bor”, degan vazir.
Sultonov mamlakatdagi 70 foiz ishlab chiqarish korxonalarida energiya tejamkorlikka javob bermaydigan uskunalar o‘rnatilganini qayd etdi.
LiveBarchasi