Gazdan foydalanish bo‘yicha “Insofsiz iste’molchilar ro‘yxati” joriy qilinadi
Jamiyat
−
29 Oktabr 2023
6926Endilikda O‘zbekistondagi issiqxona xo‘jaliklarining gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangani nazorat qilinadi va ulanmagan issiqxona xo‘jaliklari “Insofsiz iste’molchilar ro‘yxati”ga kiritilib, shartnomlari bekor qilinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qilindi.
Qarorga ko‘ra, ko‘mirga o‘kazilishi kerak bo‘lgan issiqxonalarga 2023/2024 yillar kuz-qish mavsumida tabiiy gaz quyidagi talablarga qat’iy rioya etgan holda yetkazib beriladi:
• tabiiy gaz hisoblagichlari tabiiy gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan;
• tabiiy gazdan yuzaga kelgan debitor qarzdorligini so‘ndirish hamda tabiiy gaz uchun belgilangan to‘lovni oldindan to‘lash;
• aholining gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda issiqxona xo‘jaligida yetarli miqdorda muqobil energiya zahirasining mavjudligi.
Shuningdek, elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi “Hududgazta’minot” AJ va Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda issiqxona xo‘jaliklarining gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanganligini nazorat qiladi va ulanmagan issiqxona xo‘jaliklari “Insofsiz iste’molchilar ro‘yxati”ga kiritilgan holda ularga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomlar bekor qilinadi.
2023/2024-yillar kuz-qish mavsumidan boshlab har yili “Hududgazta’minot” Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama kelishuvlar tuzish amaliyoti joriy etiladi. Kelishuvlarda har bir issiqxona xo‘jaligining ehtiyojidan kelib chiqqan holda, unga yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmlari aniq ko‘rsatiladi.
Tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladigan issiqxona xo‘jaliklarini davlat tomonidan rag‘batlantirish maqsadida 2023 yilning 1 noyabridan issiqxona xo‘jaliklarining ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi davlat budjetidan (Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan) qoplab beriladi.
Tijorat banklari tomonidan issiqxona xo‘jaliklariga quyidagi maqsadlar uchun kreditlar ajratiladi:
• ko‘mir saqlash omborlarini qurish uchun – 3 yil muddatga 1 yillik imtiyoz davri bilan;
• yoqilg‘i sotib olishga aylanma mablag‘ uchun 1 yil muddatga 6 oylik imtiyoz davri bilan.
Bundan tashqari, tijorat banklari kredit mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaligini tashkil qilgan har bir mijozning moliyaviy ahvolini inobatga olgan holda, ularning kreditlarini qaytarish muddatlarini uzaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro shahrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinishi ma’lum qilingan edi.
LiveBarchasi