Gaz bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi belgilandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Gazdan turmushda foydalanishda sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga ko‘ra, baxtsiz hodisa yuz berganda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmalariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar (Ichki ishlar va prokuratura organlari)ga, shuningdek, “Hududgazta’minot” AJning hududiy gaz ta’minoti tashkilotlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga zudlik bilan xabar berishlari lozim.

Baxtsiz hodisa sodir bo‘lishi natijasida: 

•    uch nafargacha shaxs (shu jumladan, uchinchi shaxsni hisobga olganda) hayotiga yoki sog‘lig‘iga ziyon yetgan yoxud halok bo‘lgan taqdirda, buning sabablarini tekshirish tuman (shahar) hokimining qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan o‘rinbosari rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan;

•    yetti nafargacha shaxslar (shu jumladan, yettinchi shaxsni hisobga olganda) hayotiga yoki sog‘lig‘iga ziyon yetgan yoxud halok bo‘lgan taqdirda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan o‘rinbosari rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan;

•    sakkiz nafar yoki undan ortiq shaxslar hayotiga yoki sog‘lig‘iga ziyon yetgan yoxud halok bo‘lgan taqdirda – Vazirlar Mahkamasi farmoyishi asosida tegishli Bosh vaziri o‘rinbosari yoki Bosh vazir maslahatchisi rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish bo‘yicha tuziladigan tegishli komissiyaning tarkibiga quyidagi vazirlik va idoralar vakillari kiritilishi shart:

•    Favqulodda vaziyatlar vazirligi (hududiy bo‘linmalari);
•    Energetika vazirligi;
•    “Hududgazta’minot” AJ (hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari);
•    Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi (hududiy bo‘linmalari);
•    Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (hududiy bo‘linmalari), (baxtsiz hodisa ko‘p kvartirali uylarda sodir bo‘lganda);
•    Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (hududiy bo‘linmalari), 
•    (baxtsiz hodisa tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi yoki neft mahsulotlaridan foydalanishda sodir bo‘lganda);
•    Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (hududiy bo‘linmalari) (baxtsiz hodisa qattiq yoqilg‘i turlari (ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari)dan foydalanishda sodir bo‘lganda).

Komissiya tomonidan amalga oshirilgan tekshirish natijalari yuzasidan 15 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda komissiya tomonidan tekshirish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi. 

Baxtsiz hodisalar Energetika vazirligi tomonidan hisobga olinadi.

Turar joylar, shu jumladan ko‘p kvartirali uylarda yong‘in sodir bo‘lganda tekshirish Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing