Gazsiz va sassiz O‘zbekiston
Tahlil
−
14 dekabr
13969Qish yaqinlashgani sari o‘zbekistonliklarning tashvishlari qatoriga uy isitish va avtomobillarga yonilg‘i quyish muammolari ham kelib qo‘shiladi. “Zapravka”lar bir necha kilometrlik turnaqator navbatlarga to‘ladi. “Svet”, gaz va isitish resurslariga ehtiyojning ortishi vaziyatni murakkablashtiradi, odamlarning sabrini sinaydi. Tarmoqlarda gaz yo “svet” masalasida gapirishingiz bilan O‘zbekiston aholisining qariyb teng yarmi istiqomat qiladigan qishloq joylarida yashaydiganlar “nima u” deb savol berishadi sizga.
Qaysidir davlatda Oyga raketa uchirilayotgan 2024 yilda O‘zbekistonning ayrim huquqlariga elektr energiyasi yoki tabiiy gaz yetib ham bormagan. Yaqinda Surxondaryoning chekka hududida yashaydigan bir do‘stim bilan gaplashdim. Uning aytishicha, viloyatliklar qishga tayyorgarlikni bahordan, ya’ni qish tugashi bilan boshlashadi. Kimdir o‘tin yig‘sa, kimdir tappi qiladi, kimlardir ko‘mir g‘amlaydi. Odamlar butun quyoshli mavsumda sovuq kunlar uchun tayyorgarlik ko‘radi. Do‘stimning ta’kidlashicha, o‘tgan yildagi sovuqda poytaxtliklar gazi o‘chib qolganidan noligan, tarmoqlar energetika tizimidagi kamchiliklar haqida gapirgan bir vaqtda, Surxondaryoning bir chekkasidagi oilalar shu kun kelishini bilganday tayyorgarlik ko‘rgani uchun issiq uyda yashagan. Ularning bu sharoitini davlat emas, o‘zlari qilishgan albatta. Yozning kunida dam olish o‘rniga qishning g‘amini qilganlar-ku qahratondan chiqadi. Butun yilini qishdan chiqish uchun sarflamaganlar esa sovuqda qoladi.
Mahallasiga gaz yetib borganlar maza qilib, issiq uyda jon saqlaydi deyishga shoshilmang. Chunki bir necha yildan buyon gaz bosimi pastligi yoki uning o‘chib qolishi poytaxtliklarni ham qiynamoqda. Bu ham kamdek, erta tongdan benzin va gaz “zapravka”ga borib muzdek-da navbat kutish muammosi ham bor. Bugun siz bilan energetikadagi muammolar, “svet”, gaz masalasi-yu, o‘zimizga yetmayotgan resurslarning chetga pullanayotgani haqida gaplashamiz va energetika vazirlarining va’dalarini eslaymiz. Agar uyingizda gaz bo‘lsa, issiq qahva damlab, qulayroq o‘tirib oling.
“Hali gazimiz ko‘p!”
O‘zbekiston gaz zaxiralariga boy davlat sifatida dunyo bo‘yicha 21-o‘rinda turadi. Mamlakatning tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1,8 trillion kub metrni tashkil etadi.
Qish kelishi bilan tortilib qoladigan gaz ortidan ko‘pchilikda gaz zaxiralarimiz tugab qolmaydimi, degan savol ham paydo bo‘ladi. 2023 yilning 11 sentyabr kuni jurnalistlar bilan uchrashgan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston o‘z konlaridagi zaxiraning 85 foizidan foydalanib bo‘lgani sababli chet mamlakatlardan elektr energiyasi va tabiiy gazni import qilishga majbur bo‘layotganini aytgan edi.
Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududidagi 85 foiz konlar uzoq yillardan buyon ishlatib kelinishi hisobiga o‘z resursini sarflab bo‘lgan. Konlardagi qolgan gazni qazib chiqarish uchun katta hajmdagi mablag‘ talab qilinadi.
“Buning o‘rnini qoplash uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz import qilishga majbur bo‘lyapmiz. Oldinlari O‘zbekiston, umuman tabiiy gaz yoki elektr energiyasini sotib olmagan. Albatta, mahsulotlar bozor narxida import qilinadi va narxdagi tafovut byudjetdan ajratilgan subsidiya orqali qoplanadi”, deydi Mirzamahmudov.
Oradan bir kun o‘tib, “O‘zlitineftgaz” AJ raisi Ulug‘bek Nazarov jurnalistlar bilan uchrashuvda ayni shu savolga javob berib, konlarda gaz ko‘pligini bildirgan.
2022 yilda Energetika vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sherzod Xo‘jayev esa konlar masalasida shunday degan:
“Ko‘plab yangi konlar ochilyapti. Lekin bu degani eski konlar tugamayapti, degani emas. Har bir yangi ochilgan kon, yangi ishlab chiqarish hajmlari eski konlarda bo‘layotgan yo‘qotishlarini qoplayapti”, deb javob bergandi Xo‘jayev.
Lekin oyog‘i ostida tonnalab gaz yastanib yotgan o‘zbeklar qishda sovuq yeb ko‘mir yoqishga, soatlab zapravkalarda turishga, yozda tappi qorishga mahkum. Mansabdorlar iftixor bilan zaxiralarimiz ko‘p, deya ko‘krak kerayotgan bir paytda, Statistika agentligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi so‘nggi 5 yillikda ketma-ket pasaymoqda. 2024 yilning dastlabki to‘qqiz oyida gaz qazib olish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 5 foizga kam.
Yozda elektr energiyasi, qishda gaz muammosi bilan kurashayotgan o‘zbekistonliklarni Energetika vazirligi, avvalgi va hozirgi vazirlari, tinchlantirishga urinadi.
2021 yilda Energetika vaziri bo‘lgan Alisher Sultonov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida “Bizning gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi”, degan edi. 2021 yildan buyon 3 yil vaqt o‘tdi. Lekin gazimiz bitta O‘zbekistonni ham boqa olmayapti. O‘shanda Alisher Sultonov aholiga “nega gaz yetmayapti”, degan savolga javob bergan va tejamkorlikning ahamiyatini tushuntirib o‘tgan.
“Bizning gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi. Shuning uchun energiya samaradorligi bizning asosiy shiorimiz bo‘lishi kerak. Shu yillar davomida eng asosiy islohotimiz – energiya tejamkorligi. Agar biz buni tushuntirishni yosh bolalardan boshlasak, miyasiga quysak, tishini tozalayotganda suvni, xonadan chiqayotganda “svet”ni o‘chirib qo‘yish kerak. Buning ichida ishlab chiqarishlarning ham energiya tejamkorligi bor”, degan sobiq vazir.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni olgan hozirgi Energetika vazirimiz Jo‘rabek Mirzamahmudov ham gaz, “svet” va bu resurslarning o‘zimizga yetishi haqida ko‘p gapirgan. Masalan, 2023 yilning 22 noyabr kuni Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Hukumat soati”da kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot bergandi. O‘sha vaqtda, Deputat Umida Rahmonova O‘zbekiston energetika tizimi bu yilgi, ya’ni 2023 yilgi qishga qay darajada tayyor ekanini vazirdan so‘ragan edi.
Mirzamahmudov aynan shu majlisda O‘zbekistonda energetika tarmog‘ini yangilashga 14 trln so‘m sarflanganini ham ma’lum qilgan.
“Import uskunalar, kabel hamda transformatorlar, o‘zimizda chiqmaydigan uskunalarni chetdan olib kelingani inobatga olinib, kredit resurslari olindi. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tegishli qarorida barcha ko‘rsatkichlar, qanday qaytarish, “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan o‘zining moliyaviy oqimlarida kreditlarni qaytarish – hammasi inobatga olingan. Batafsil ma’lumot kerak bo‘lsa, buni yozma ravishda alohida yopiq xat bilan kiritib beramiz”, degan vazir Mirzamahmudov.
Energetikadagi muammolar haqida gapirilganda doim O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar va yetkazib berish sifatining yomonlashishiga transformatorlarning yuqori darajada eskirgani hamda uzoq yillardan buyon ta’mirlanmayotgani sabab qilib ko‘rsatiladi.
Masalan, o‘tgan yilning sentyabr oyida, aniqroq aytganda, 2023 yilning qishiga kirishdan oldin vazir jurnalistlar bilan uchrashib, muammolar va yechimlar haqida ancha dardini aytib, respublikada 238,6 ming kilometr kuchlanishli tarmoqlarning 37,6 foizi 40 yildan ortiq vaqt davomida ishlatib kelingani, ularning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqilsa, har qanday uskuna 15 yilda, hech bo‘lmaganda 25 yilda kapital ta’mirlanishi lozimligi va shu tarmoqlar yangilanmagani bois hozirgi kunda gaz va “svet” muammosiga duch kelayotganimizni bildirgandi.
Ammo odamlarni tizimda qanday muammolar borligi emas, qishning qahratonida uyida gaz yo‘qligi ko‘proq tashvishga soladi. Vazir jurnalistlarga faqat muammolarni aytganmi, uning yechimi bo‘yicha aniq gap yo‘qmi dersiz. Bor albatta. Deyarli har qishda aytiladigan “dejurniy” gaplar bor. Lekin ularni amalda topolmaysiz.
Gazga ham limit, tokka ham limit!
“Svet” va gaz haqida gapirganda unga qo‘yilgan limitlarni sanab o‘tmasak bo‘lmas. Limit qachondan joriy qilinganiga to‘xtalmaymiz. Qish fasliga o‘tish munosabati bilan boshqa fasllardagi gazning bir oyga beriladigan 100 kub metrlik normasi 500 ga oshirilgan. Aniqroq aytganda, agar siz bir oy davomida 500 kub metr gaz ishlatsangiz 650 so‘mdan har bir kubometri uchun pul to‘laysiz. Havolar sovib, gazni maksimal baland yog‘ganingiz hisobiga limitdan chiqib ketgan taqdiringizda har bir kubometr uchun 1500 so‘mdan. Agar siz bir oyda o‘rtacha 700 kubometr gaz yoqsangiz 500 kubometr uchun 325 ming so‘m, qo‘shimcha ishlatganingiz 200 kubometr uchun 300 ming so‘m, jami bir oyda gazning o‘ziga 625 ming so‘m pul to‘laysiz.
Uyning katta-kichikligi va gazdan foydalanish hajmiga qarab, iste’mol miqdori o‘zgarishi mumkin. Umuman olganda, har yili mavsumiy mavzuga aylanadigan gaz taqchilligi O‘zbekiston hukumatini alternativ resurslar qidirishga majbur qilmoqda. Bu vaziyatda yechim sifatida eksport qisqartilishidan tashqari quyosh energiyasidan samarali foydalanish uchun panellar o‘rnatish dasturi ishlab chiqilgan. Quyosh panellarini o‘rnatish dastlab taklif tariqasida targ‘ib qilingan bo‘lsa, yoz oylarida Respublika bo‘ylab bir qancha tadbirkorlar panel o‘rnatishga majburlanayotgani va yaxshigina chiqim bo‘layotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Ekologiya va tappi
Biz ekologiya bilan kurashishning o‘zbekcha usulidan foydalanamiz. Bilasizmi, daraxt kesganlarni jazolaymiz-u, qishda o‘tin yoqishga majbur qilamiz, O‘zbekiston havosi iflosligi bo‘yicha reytinglarni urganini tanqid qilamiz-u, qanchadan qancha korxonalar, xo‘jaliklarni ko‘mir yoqishga majburlaymiz, ayollar huquqi, ularning rivojlanishi haqida og‘iz yirtamiz-u ularning qo‘lini tappida qolishiga mahkum qilamiz.
Energetikadagi muammolar sabab odamlar vafot etyapti yoki nogiron bo‘liq qolmoqda desam ishonasizmi? Uzoq qishloqlarga gaz yetib bormagani ortidan odamlar qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish vositalari yoki pechkalardan foydalanishga majbur bo‘ladi. Issiqda jon saqlash uchun ko‘mir yoqayotganlar yoki shu xavfsizlik qoidalariga amal qilinmasligi ortidan is gazidan zaharlanish holatlari ko‘payadi. Qo‘lbola uskunalardan foydalanmay desa bo‘lmaydi, ishlatgani esa xavfsizlik qoidasiga amal qilmagan deyiladi. Lekin bu qoidaga amal qilishiga sharoit yo‘q.
Havo soviy boshlashi bilan is gazidan zaharlanib vafot etganlar haqidagi xabarlar ko‘payadi. Achinarlisi odamlar is gazidan oilasi bilan qirilib ketmoqda. Masalan, 2020 yilda 70 ta is gazidan zaharlanish holatlari sodir bo‘lib, jarohat olganlar soni umumiy 66 tani, vafot etganlar esa 91 tani tashkil qilgan.
Aholi ham, eksport ham, import ham o‘syapti
Qishning kunida kunda-kunora chirog‘i o‘chgan, uyini isitolmasa-da, limit degan baloga duchor bo‘lib gazga pul to‘layotganlarning ko‘pida bir savol tug‘iladi – gazimizni chetga sotmay o‘zimiz issiqda o‘tirsak bo‘lmaydimi?
Yodingizda bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev 2022 yil sentyabr oyida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashida bo‘lib o‘tgan sessiyasida eksport haqida gapirgan edi.
“Oldin eksportimiz asosi paxta bilan gaz bo‘lardi. Hozir esa paxtani ham, gazni ham eksport qilmayapmiz. Hatto gazni chetdan sotib ham olyapmiz. Sababi, sanoatimiz rivojlanyapti. Ana shunday ikki asosiy mahsulot chetga sotilmasa ham eksportimiz hajmi 2016 yilga nisbatan 5−6 barobar oshdi”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Prezident 2 yil oldin mamlakat gaz eksport qilmayotganini aytgan bo‘lsa ham statistika sotuvlar o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. Misol uchun:
2022 yil
- Gaz eksporti – 910,9 mln dollar;
- Elektr eksporti – 76,8 mln dollar;
- Gaz importi – 281,9 mln dollar;
- Elektr importi – 121,9 mln dollar;
2023 yil
- Gaz eksporti – 529,9 mln dollar;
- Elektr eksporti – 76,6 mln dollar;
- Gaz importi – 694,9 mln dollar;
- Elektr importi – 121,5 mln dollar;
2024 yil yanvar-oktyabr
- Gaz eksporti – 540 mln dollar;
- Elektr eksporti – 81,7 mln dollar;
- Gaz importi – 1 mlrd 365 mln dollar;
- Elektr importi – 102,6 mln dollarlik import va eksportlar amalga oshirilgan.
Energetika vaziri hali sohadagi muammolarni hal qilmay turib, O‘zbekiston 2030 yildan ortiqcha elektrni Yevropaga eksport qiladi, degan edi.
“Joriy yil oxiriga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinadigan umumiy energiya quvvatini 4 GVt dan ortiq darajaga yetkazamiz. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 20 GVt dan oshadi, shundan 2-5 GVt Yevropaga eksport qilinadi”, degan Mirzamahmudov.
Vazirning tushuntirishicha, O‘zbekiston elektr energiyasi Qozog‘iston orqali Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi orqali, so‘ngra Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab chuqur dengiz kabeli orqali Ozarbayjonga, u yerdan Gruziyaga, so‘ngra Qora dengizdan Ruminiya, Vengriya va Bolgariyaga yetkaziladi.
Shu vaqtgacha Energetika vazirlari yo ularning o‘rinbosarlari aytgan gaplar doim ham rost bo‘lib chiqqanini ko‘rmadik. Gazimiz uchta O‘zbekiston tugul bittasiga yetmayotgani, hali qahraton kelmasdan gaz quyish shoxobchalarining yopilishiyu, xonadonlarda gazlarning pasayishi bunga oddiy misol.
Bugunga kelib, O‘zbekiston gazni asosan Xitoyga, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilmoqda. Xitoy bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning o‘n oyida o‘zbek gazi importi 499 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilgiga nisbatan 16,6 % ga ko‘paygan. Bunda fizik hajmlar oshkor etilmagani bois, o‘zbek gazi Xitoyga qanchaga pullanayotganligini bilish imkonsiz.
Yuqorida berganimiz savol. O‘zbekiston o‘zi qazib olayotgan gaz bilan ichki bozorni qondirsa-da, chetga sotmasa bo‘lmaydimi? Ayni shu savol bilan bir nechta iqtisodchilar bilan bog‘lanishga urindik. Afsuski, ular orasida bu savolga aniq javob beradiganlari topilmadi.
Mavsumiy muammoni hal etishda hukumat choralari
Shaxsan Prezidentning o‘zi aytganidek, O‘zbekiston gaz bilan bog‘liq muammolarga kecha yoki bugun emas, 30 yildan ortiq vaqt davomida duch keladi. Prezidentning aynan shu energetika masalasida o‘tkazgan yig‘ilishlari doim tanqidiy ruhda o‘tadi.
Shunday bo‘lsa-da, bizning mansabdorlar har safar energetika muammolariga birinchi marta duch kelayotgandek harakat qilishadi. Roppa-rosa bir yil oldin vazir Jo‘rabek Mirzamahmudov intervyularidan birida 2024 yildan ichki ehtiyojni 100 foiz qoplash vazifasi qo‘yilganini bildirib, “Agar buni bajarolmasak, nafaqat men, balki tizimdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz”, degan edi.
Biroq buni qarangki, dekabr boshidanoq xuddi shu vazirlikning o‘zi “zapravka”lar faoliyatiga cheklovlar kiritilishini ma’lum qildi. Bildirilishicha, so‘nggi kunlarda respublika hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi oqibatida energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan va birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini (tibbiyot, maktab, maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim muassasalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan ta’minlash zarur ekani uchun “zapravka”larga cheklovlar o‘rnatilgan.
Tabiiy gazga ehtiyoj ortgani, cheklovlar-u navbatlar va uyimizdagi miltillab o‘chay deyayotgan gazga qarab vazir Jo‘rabek Mirzamahmudovning noyabr oyi boshida Abu-Dabida o‘tkazilgan xalqaro energetika konferensiyasida ishtirok etib aytgan gaplari esimga tushdi. “O‘zbekiston bu yilgi qish mavsumiga 100 foiz tayyor”.
“Bu yil tizimli ishlarni amalga oshirdik va qishga tayyorgarlik ko‘rdik, deb hisoblaymiz. Albatta, ijobiy va salbiy tomonlari bor, normal ob-havo bor, shuning uchun biz barcha ob-havo injiqliklariga tayyormiz”, degan edi Mirzamahmudov.
Har yili odamlarni keyingi yilda yaxshi bo‘ladi deb ishontiradigan Energetika vazirimizning gapi bu gal ham puchga o‘xshaydi. Aytganimizdek, dekabr oyining endigina 13 kuni o‘tdi, lekin metan gaz va benzinga navbatlar ko‘paygandan ko‘paydi. Odamlarning dardi eson-omon va vaqtida mashinasi yurishi, ishga, o‘qishga borishiyu qozoni qaynashi uchun uch-to‘rt so‘m topishi bo‘lib boshladi. Hammasi yaxshi bo‘ladi degan vazir yo vazirlik hozirgacha miq etmadi.
LiveBarchasi