Qirg‘iziston vaziri sobiq prezidentga javob qaytardi
Olam
−
11 noyabr 2025 10554 2 daqiqa
Qirg‘iziston Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev sobiq prezident Almazbek Atamboyevning uning rahbarligi davrida mamlakat elektr energiyasi importidan voz kechib, yirik energetika loyihalarini amalga oshirgani haqidagi bayonotiga izoh berdi. Rasmiyning javobi mahalliy ommaviy axborot vositalarida chop etildi.
Taalaybek Ibrayevga ko‘ra, Almazbek Atamboyevning aksariyat bayonotlari “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va manipulyatsiya xarakteriga ega”.
Vazir 2010 yildan 2017 yilgacha Qirg‘iziston Qozog‘iston va Tojikistondan o‘rtacha bir kilovatt/soat elektr energiyasini 5 somdan sotib olishni davom ettirganini ma’lum qildi. Endi uning aytishicha, import arzonroq – 3 som atrofida.
Taalaybek Ibrayev 2017-2018 yillardagi importsiz ikki qish mavsumi islohotlar tufayli emas, balki yog‘ingarchilikning ko‘pligi va “To‘qtag‘ul” suvomborida suv sathining ko‘tarilishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, stansiya quvvatini 240 megavattga kengaytirish 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan.
“Sobiq davlat rahbari davrida bu ishlar tayyorgarlik bosqichida edi”, dedi vazir.
U “Datka-Kemin” elektr uzatish liniyasi loyihasi Almazbek Atamboyev davrida yakunlanganini tasdiqladi, lekin uning narxini CASA-1000 loyihasi bilan solishtirdi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, elektr tarmog‘ining 1 kilometri qimmatroq bo‘lgan va Taalaybek Ibrayevning so‘zlariga ko‘ra, “farq 90 million dollardan ortiqni tashkil qilgan”.
Mulozim hech qachon boshlanmagan “Yuqori Norin” GES kaskadi qurilishini esladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv bekor qilinganidan keyin Qirg‘iziston Rossiya tomoniga arbitraj qarori asosida taxminan 51 million dollar to‘lagan.
Qolaversa, Taalaybek Ibrayev elektr energiyasi taqchilligini “tizimning qulashi” bilan emas, balki iste’molning ortishi bilan bog‘ladi: 2018 yilda bu ko‘rsatkich 14 milliard kilovatt-soatga yaqin edi, hozir esa 20 milliard kilovatt-soatga yaqin.
U mamlakatda Qambarota GES-1, Qulanak, Bala-Saruu kabi yangi elektr stansiyalari qurilayotgani, Qora-Kechin IES loyihasi amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Taalaybek Ibrayev Almazbek Atamboyev davrida “birorta ham yangi GES qurilmagani” va joriy loyihalar uzoq muddatli istiqbolda importga qaramlikni kamaytirishga qaratilganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev Qirg‘izistonda 2025-2026 yillardagi qish mavsumi juda og‘ir o‘tishini aytgandi.
Live
Barchasi