Isroilda ikki vazir o‘rin almashdi
Olam
−
04 yanvar
4629Isroil Vazirlar Mahkamasi mamlakat Tashqi ishlar vazirini almashtirishni ma’qulladi. Shu paytgacha Eli Koen egallab turgan lavozimga Energetika vaziri Israel Kats tayinlandi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
O‘z navbatida, Koen Katsning o‘rnini ya’ni Energetika vaziri vazifasini bajarishga kirishdi. Bu tayinlovlar mamlakat parlamenti Knesset tomonidan ham tasdiqlangan.
68 yoshli Kats 1998 yildan beri “Likud” partiyasidan Knessetga saylangan. U o‘tmishda turli vazirliklarda ishlagan, jumladan, 2019 yildan 2021 yilgacha Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. Kats falastinliklarga nisbatan qattiq siyosat yuritish tarafdori hisoblanadi. Energetika vaziri sifatida ishlagan davrida ham u suv va elektr ta’minoti sohasida G‘azo sektorining blokadasini qo‘llab-quvvatlagan.
Ma’lumot uchun, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi Isroilning amaldagi hukumati 2022 yil oxirida parlament saylovlari natijalariga ko‘ra tuzilgan. Koalitsiya Netanyaxuning o‘ng qanot “Likud” partiyasi atrofida shakllangan. U bilan birga hukumatga o‘ta o‘ng va o‘ta ortodoksal siyosiy kuchlar kelgan.
Koalitsiya muzokaralari natijasida Vazirlar Mahkamasining ushbu tarkibidagi Tashqi ishlar vazirligi rahbarining o‘rni “Likud” partiyasiga tayinlandi va Koen vazirlik lavozimini egalladi. Shu bilan birga, koalitsiya kelishuvida dastlab 2023 yil dekabrida rotatsiya tamoyili asosida Koen Energetika vazirligini boshqargan Kats bilan o‘rin almashishi ko‘zda tutilgan. Agar koalitsiya shu vaqtgacha davom etsa, vazirlar 2025 yil dekabr oyida yana portfellarini almashtiradi.