G‘arbning dunyoda o‘z gegemonligini saqlab qolish istagi Ukraina inqiroziga olib keldi – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G‘arbning o‘z gegemonligini saqlab qolish istagi Ukrainadagi hozirgi inqirozni keltirib chiqarganini aytdi. Bu fikrni u BRICS'ga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida videoaloqa orqali gapirib o‘tdi.

“Ta’kidlashni istardimki, ayrim davlatlarning dunyoda gegemonlikni saqlab qolish istagi Ukrainada og‘ir inqirozga olib keldi”, deydi Rossiya rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval G‘arb davlatlarining yordami bilan bu davlatda konstitutsiyaga zid davlat to‘ntarishi amalga oshirildi, keyin esa bu to‘ntarishga rozi bo‘lmagan odamlarga qarshi urush boshlandi.

"Bu mojarodagi janglar sakkiz yildan beri davom etmoqda, deydi Vladimir Putin.

Uning iddao qilishicha, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari faqat G‘arb Donbass aholisiga qarshi boshlagan harbiy mojaroga barham berishga qaratilgan.

Ma’lumot o‘rnida, BRICS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi. BRICS sammiti 22 avgustdan boshlandi va 24 avgustgacha davom etadi. Ushbu sammitda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin videoaloqa orqali ishtirok etmoqda. Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov sammitga bordi. Chunki Putin Janubiy Afrikaga borsa hibsga olinishi mumkin edi. 

Gap shundaki, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Shundan so‘ng, XJSga a’zo bo‘lgan Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putinni Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etmasligini so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin BRICS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing