G‘arbda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlagan jurnalistlarga bosim kuchaymoqda – “Anadolu”
Olam
−
31 yanvar
4456Falastinliklarni qo‘llab-quvvatlagan jurnalistlar G‘arb media tashkilotlari tomonidan bosim, ishdan bo‘shatish va tahdidlarga duch kelyapti. Bu haqda “Anadolu” nashri ma’lum qildi.
Isroil misli ko‘rilmagan gumanitar inqirozni keltirib chiqaradigan G‘azo sektoriga hujumlarini davom ettirar ekan, G‘arbning yetakchi media tashkilotlari o‘z xodimlariga Falastin haqidagi ma’lumotlarni senzura qilish va Isroil tomonidan sodir etilgan vahshiyliklarni yashirish uchun bosim o‘tkazmoqda.
BBC'dan iste’foga chiqqan Bassam Bounenni va Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi ijtimoiy media postlarini o‘chirishdan bosh tortgani uchun ”Global News“ tomonidan ishdan bo‘shatilgan Zahra al-Ahras ”Anadolu” bilan suhbatda G‘azo urushida haqiqat uchun kurash, zo‘ravonlik, dezinformatsiya, senzura, falastinliklarni qo‘llab-quvvatlayotgan jurnalistlar duch kelayotgan bosimlar va G‘arb davlatlarida ish joylarini tark etish jarayonlari haqida so‘zlab berdi.
“Isroilning harakatlariga qarshi ovozini baland ko‘targan jurnalistlar vijdoni yoki kasblari o‘rtasida tanlov qilishga majbur”, deyiladi unda.
G‘arb matbuotining Isroilning jinoyatlariga nisbatan pozitsiyasini keskin tanqid qilgan Bounenni bu holni “hayratlanarli” va “hafsalani pir qiladigan” deb ta’rifladi.
“Biz qanchadan-qancha yangiliklar, ko‘plab tekshirilishi mumkin bo‘lgan faktlar, jumladan, huquq guruhlari tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shu jumladan Bosh kotib tomonidan berilgan rasmiy bayonotlarning senzura qilinishini ko‘rdik”, degan u.
Bounennining aytishicha, Falastin xalqi 75 yildan beri azob chekayotganiga qaramay, G‘arb matbuoti mojaroni 7 oktyabrda boshlangandek tasvirlab, voqealarni yolg‘on aralash tahlil qilyapti.
U G‘azoga kirishning iloji yo‘qligi haqidagi maqolalar, shifoxonalar va boshqa ob’ektlar ostidan tunnellar o‘tgani haqidagi to‘qimalar va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan yo‘llangan bayonotlarning mensimay qabul qilinishi ortidan iste’foga chiqishga qaror qilganini aytdi.
Bounennining so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi tinch aholiga Isroildagi odamlar taqdiriga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘linmaydi va g‘azoliklarni terrorchi qilib ko‘rsatiladi.U G‘arb davlatlarida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi jurnalistlarga nisbatan sezilarli bosim borligini ham aytib o‘tdi.
“Ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuzatayotgan ko‘plab isroilparast guruhlar tomonidan katta bosim bo‘ldi. Va shu sabab bir qator jurnalistlar iste’foga chiqishga majbur bo‘lishdi”, degan BBC'ning sobiq jurnalisti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda “Human Rights Watch” agentligining hisobotini baham ko‘rgani uchun Avstraliyadagi “ABC” telekanali jurnalisti Antoinette Lattouf ishdan bo‘shatilgan.
Bounenni G‘arbdagi ma’naviy inqiroz haqida so‘z yuritgan va shunga qaramay, yosh avlod ko‘p narsalarning jonli guvohi bo‘lganligi sababli tafakkuri o‘zgarishidan umid qilayotganini qo‘shimcha qilgan. Ishdan ketishi sababi haqidagi savolga “Kompaniya mendan ijtimoiy tarmoqlardagi postlarimni olib tashlashimni so‘radi”, deya javob bergan Zahra al-Ahras Falastinni qo‘llagan jurnalistlarga tez-tez tahdid bo‘layotganini urg‘ulab.
“Biz Falastin tarafdorlari sifatida tez-tez tahdidlarga duch kelamiz va bizni ovozni o‘chirishga urinishlar ortmoqda. Hatto status-kvoga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lganimizda, bizni noxolislikda ayblashdi”, degan ayol.
“Global News”dan ishdan bo‘shatish jarayonini tasvirlab berar ekan, Ahras institutda ishlagan uch yillik faoliyati davomida shaxsiy ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlariga Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi xabarlarni joylashtirganini va nashr uning sionizmga qarshi postlaridan bezovta bo‘lganini aytgan.
"Ular ikki marta mendan Isroilni tanqid qilgan va Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlovchi ijtimoiy tarmoqlardagi postlarimni olib tashlashimni so‘rashdi. Biroq, yuzlab falastinliklar o‘ldirilgan, hozir esa minglab, o‘n minglab odamlar o‘ldirilayotgan paytda jim turish juda og‘ir ekanini his qildim va ijtimoiy tarmoqlarda avvalgidan ham ko‘proq postlar qo‘ya boshladim”, degan u.
Postlarni o‘chirishni rad etganidan so‘ng esa, ular Ahrasni jurnalist sifatida nomutanosiblikda va noxolislikda ayblagan va keyinchalik ishdan bo‘shatgan.
Asl holatni omma oldida e’lon qilganidan so‘ng, Ahrasni ko‘plab jurnalistlar qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar soni rekord darajaga yetgan edi.
LiveBarchasi