G‘arbda Eron-Isroil proksi urushi davom etmoqda 

Olam

image

G‘arbda Eron va Isroil proksi urushi bilan bog‘liq bo‘lgan qotillik va odam o‘g‘irlash fitnalarining ko‘payishi ko‘pincha yollangan qotillar yordamida davom etmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Vashington va uning ittifoqchilari so‘nggi yillarda Eron bilan bog‘liq bunday fitnalar keskin oshgani haqida xabar bergan. 2020 yildan beri G‘arbda kamida 33 ta suiqasd yoki odam o‘g‘irlashga urinishlar sodir bo‘lgan. Ularda mahalliy yoki Isroil hukumatining Eron bilan aloqasi borligini da’vo qilinmoqda. 

Yaqinda taxmin qilingan nishonlar orasida Gretsiya poytaxti Afinadagi yahudiy markazi va restoran joylashgan bino ham bor. Tergovchilar ish bo‘yicha sud organlariga taqdim etilgan va “Reuters” tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlarda Sayid Faxar Abbos ismli pokistonlik Gretsiyada yashovchi eski tanishini yollab, unga hududga hujum qilishni buyurgan, deb da’vo qilmoqda. 

Hujjatlarda batafsil bayon qilingan WhatsApp yozishmalarida 2023 yilning yanvar oyida ikki kishi hujumda portlovchi moddalar qo‘llashni hamda o‘t qo‘yishni muhokama qilgan. Abbos zarbadan so‘ng qurbonlar bo‘yicha dalillarni taqdim etish zarurligini ta’kidlagan. 

“Maxfiy idoralar bor. Ishni shikoyatga umuman o‘rin qoldirmaydigan tarzda bajar”, deb yozgan u sirli idoralarning nomlarini ochiqlamasdan. 

Ilgari e’lon qilinmagan hujjatlar orasida Gretsiyaning sudgacha bo‘lgan tergovi davomida to‘plangan yuzlab sahifali dalillar, jumladan, guvohlarning ko‘rsatmalari, politsiya bayonotlari va WhatsApp xabarlarining tafsilotlari mavjud. Ular Abbos o‘zining pokistonlik Sayid Irtazo Haydar ismli o‘rtog‘i bilan aloqasini qanday yaxshilamoqchiligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

Gretsiya politsiyasi o‘tgan yili Haydar va yana bir pokistonlikni hibsga olib, ular chet eldan yollangan va inson halok bo‘lishini maqsad qilgan terrorchilik tarmog‘iga yordam berganini aytdi. Bu ikki kishi terrorizmga aloqadorlikda ayblanmoqda. Biroq ular ayblovlarni rad etmoqda.

Shu yilning bahorida tergov hibsxonasidan cheklovlar bilan ozod etilgan Haydar o‘zining aybsizligini bildiradi. 28 yoshli erkak agentlikka bergan intervyusida Abbosga binoning suratlarini yuborgani, lekin hech kimga zarar yetkazmasdan pul olishga umid qilib, ataylab har qanday hujumni amalga oshirishdan o‘zini tiyganini aytgan.

Uning advokati Zakariyo Kessesning aytishicha, Haydar hech qachon noqonuniy faoliyatda ishtirok etmagan. Guruh rahbari ekani aytilayotgan Abbos ham terrorchilikka aloqadorlikda ayblanmoqda. Vatani – Pokistonda u qotillikda gumonlanib qidiruvga berilgan. Abbos ozodlikda qolmoqda va u bilan bog‘lanib bo‘lmagan. Uchinchi gumonlanuvchi bilan ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan. Ayblov qo‘yilganda uni himoya qilgan advokat Iraklis Stavarisning so‘zlariga ko‘ra, u ham aybini rad etgan.

Gretsiya politsiyasi izoh berishdan bosh tortdi. Haydarning advokatiga ko‘ra, ish sud organlarining sud jarayonini davom ettirish to‘g‘risidagi qarorini kutmoqda.

Gretsiya tekshiruviga yordam bergan Isroil razvedka xizmati “Mossad” rejalashtirilgan hujum Eron tomonidan boshqariladigan ko‘p millatli tarmoqning bir qismi sifatida uyushtirilganini da’vo qildi. Isroil hukumati bu ish yoki “Mossad”ning boshqa faoliyati haqida izoh berishdan bosh tortdi.

Qayd etilishicha, Eron “Mossad”ning da’vosini rad etishiga qaramay, operatsion texnikalar ba’zi boshqa taxmin qilingan Eron fitnalarida ko‘rilgan epizodlarga mos keladi. Bunga nishon turi – isroillik yoki yahudiy bo‘lishi hamda yollangan eronlik bo‘lmagan qotillardan foydalanish kiradi. Agentlikka ko‘ra, kamida ikkita boshqa ish Pokiston fuqarolari bilan bog‘liq.

Yaqinda taxmin qilingan boshqa fitnalar nishoniga AQSHning yuqori martabali amaldorlari, shuningdek, eronlik jurnalistlar va Eron diasporasidagi boshqa shaxslar ham kiradi. AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi Qo‘shma Shtatlar razvedkasi orqali Erondan unga nisbatan suiqasd uyushtirish bo‘yicha real va aniq tahdidlar to‘g‘risida ma’lumot olgan. Tehron AQSHdagi ba’zi taxminiy fitnalarga aloqadorligini oshkora rad etdi.

Proksi urushi agentlik tomonidan taxmin qilingan fitnalarning aksariyati joylashgan Yevropada ham davom etmoqda.

“2020 yildan beri Eron AQSHning sobiq amaldorlari, eronlik dissidentlar hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari va xorijdagi yahudiy, shuningdek, isroillik amaldorlar manfaatlariga qarshi halokatli fitna uyushtirishni keskin kuchaytirdi”, degan AQSH razvedka xizmatlarini muvofiqlashtiruvchi Milliy aksilterror markazi direktori vazifasini bajaruvchi Brett Xolmgren.

Tehron, o‘z navbatida, raqiblarini terrorchilik harakatlarida ayblab, Isroil va AQSH tomonidan xavfsizlik kuchlarining yuqori martabali xodimlari o‘ldirilganiga ishora qilib keladi.

BMTning Nyu-Yorkdagi missiyasining ma’lum qilishicha, Eron G‘arbda yoki boshqa biron bir davlatda bo‘lsin, suiqasd yoki odam o‘g‘irlash operatsiyalari bilan shug‘ullanish niyati ham, rejasi ham yo‘qligi haqidagi da’volarni rad etib keladi va bunday ayblovlarni G‘azodagi mojaroda e’tiborni “Isroil rejimi tomonidan sodir etilgan vahshiyliklardan chalg‘itish uchun uydirma” deb atagan. Eronning oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy bir necha yillar davomida Isroilni to‘xtatishga chaqirgan. Tehron esa AQSH va boshqa G‘arb siyosatchilari tomonidan antisemitizmda ayblangan. Eron hukumati yahudiylikni hurmat qilishini, lekin Isroilga qarshi ekanini bildirgan.

So‘nggi paytlarda hujumga urinishlar sonining ko‘payishi Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. 1 oktyabr kuni Isroilning Livandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh”ga qarshi havo va quruqlik hujumiga javoban Eron Isroilga raketa zarbasi berdi.  Isroil ham yaqinda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taniqli shaxslarni nishonga olgan suiqasd rejasiga barham berganini ma’lum qildi.

“Reuters” agentligi tomonidan ko‘rib chiqilgan, da’vo qilingan fitnalar orasida asosiy tendensiyalardan biri bu – yollangan jinoyatchilar, shu jumladan uyushgan jinoyatchilar va to‘da a’zolaridan foydalanishdir. Dekabr oyida Germaniya sudi nemis millatiga mansub eronlik erkakni Eron nomidan ibodatxonaga o‘t qo‘yishni rejalashtirgani uchun 2 yil-u 9 oyga ozodlikdan mahrum qildi. U Boxumdagi ibodatxona atrofidagi xavfsizlik choralarini bilib olgach, qo‘shni binoga molotov kokteyli tashlagan. Sud qarorida yozilishicha, erkak qurilmani binoga uloqtirganini tan olgan. Tehron esa ayblovlarni asossiz deb topdi.


Maqola muallifi

Teglar

WhatsApp G'arb Eron-Isroil “Mossad” Sayid Faxar Abbos Gretsiya politsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing