G‘arb Ukrainadan tajriba maydoni sifatida foydalanmoqda – Zaxarova
Olam
−
24 yanvar 2022 9426 2 daqiqa
G‘arb Ukrainadan mintaqadagi o‘z manfaatlari yo‘lida va tajriba maydoni sifatida foydalanmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova aytdi.
“G‘arb Ukrainadan o‘z manfaatlarini ko‘zlab, vaziyatni beqarorlashtirish va ayrim jarayonlarga ta’sir o‘tkazish uchun foydalanmoqda, bizni esa aybdor qilib qo‘ymoqchi”, deydi Zaxarova.
Shu bilan birga, Zaxarova bunday vaziyatda Rossiyaning “tajovuzkorligi” va uning xalqaro huquqni buzganligi to‘g‘risidagi dalillar yo‘qligini ta’kidladi.
“Ular Ukrainani eksperimentlar uchun maydon sifatida oldilar, bechora ukrainaliklar”, deya qo‘shimcha qildi Zaxarova.
Avvalroq, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqqandi. Unda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi rejalarini e’lon qilgan. Shuningdek, bayonotda Rossiyaning harbiy kuchayishi sharoitida Kremlning Ukrainada rossiyaparast siyosatchini hokimiyat tepasiga olib kelish rejasi alohida rol o‘ynashi mumkinligi haqida ham aytib o‘tilgan.
Zaxarova esa Britaniya Tashqi ishlar vazirligining harakatlarini “zararli axborot tajovuzkorligi” deb atagan.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.
Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.
Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.
Live
Barchasi