G‘arb Netanyaxuning ehtiyotsiz xatti-harakatlariga qaramay, uni qo‘llab-quvvatlayapti – Erdo‘g‘an
Olam
−
23 may
2776Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya hukumatlari Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olganini e’lon qilganidan xursandligini aytdi. Bu haqda u Beshtepe Milliy Kongress va Madaniyat markazida Xalqaro mehr mukofotlarini topshirish marosimida so‘z ochdi.
Erdo‘g‘an 76 yildan buyon o‘z uyiga va vataniga qaytishni orzu qilgan falastinliklarning oilasi oldida majburiyatlari borligini qayd etdi.
“Biz falastinliklarni e’tiborsiz qoldira olmaymiz. O‘tgan 229 kun ichida ular qamal tufayli ochiq osmon ostidagi shifoxonaga aylangan G‘azoni ulkan bolalar qabristoniga aylantirdi. Netanyaxu o‘zining siyosiy hayotini uzaytirish uchun fuqarolarining xavfsizligini xavf ostiga qo‘ymoqda”, dedi Turkiya rahbari.
Prezidentning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari Netanyaxuning beparvo xatti-harakatlariga qaramay, uni qo‘llab-quvvatlab, Falastindagi qirg‘inlarga e’tibor qaratmaydi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS o‘tgan hafta o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qilganini e’lon qilgan, ammo Isroil bu harakatlarni davom ettirgan.
“Turkiya Falastin xalqi va o‘zi tug‘ilgan zaminni qahramonlarcha himoya qilayotgan falastinliklar bilan doim birga. G‘azoga yuborilgan insonparvarlik yordamining umumiy hajmi 54 ming tonnadan oshdi. Yurtimizga olib kelingan falastinlik kasal va yaralanganlarni davolash davom etmoqda. Biz Isroil bilan bo‘ladigan har qanday import va eksport savdosini to‘xtatdik. Bu orqali taxminan 9,5 milliard dollarlik savdodan voz kechdik. Qolaversa, Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya Falastin mustaqilligini tan oldi. Men bundan juda xursandman”, deya qo‘shimcha qiladi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 may kuni Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya hukumatlari Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini ma’lum qilgandi.
Habib Jo‘raboyev
LiveBarchasi