G‘arb davlatlari Afg‘onistondagi tomonlarni kelishuvga qadar sulhga chaqirdi
Olam
−
24 iyul 2021
5611AQSH va Yevropa davlatlari Afg‘onistondagi ziddiyatli tomonlarni yakuniy siyosiy kelishuvga erishguniga qadar mamlakatda doimiy va keng qamrovli sulh tuzish to‘g‘risida kelishib olishga chaqirdi. Bu haqda ular qabul qilgan bayonotda aytilgan.
“Biz barcha tomonlarni xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlariga rioya qilgan holda, zo‘ravonlikni minimallashtirish va tinch aholini himoya qilishga chaqiramiz. “Tolibon”ni harbiy hujumlarini tugatishga, Islom Respublikasi bilan “Tolibon”ni esa tinchlik jarayoniga konstruktiv ravishda jalb qilishga chaqiramiz. Muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlash va Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari talofatlarini tan olish uchun sulhga erishishning favqulodda zarurligini tasdiqlaymiz”, deyilgan hujjatda.
Bayonot mualliflarining ta’kidlashicha, yakuniy siyosiy kelishuvga erishish “vaqt talab qilishi mumkin”, ammo mojaro harbiy yo‘l bilan hal etilmaydi va bunday bo‘lishi ham mumkin emas.
Ta’kidlanishicha, bayonot Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan xalqaro uchrashuvdan so‘ng qabul qilingan. Unda AQSH, Yevropa Ittifoqi, NATO, Fransiya, Germaniya, Italiya, Norvegiya va Buyuk Britaniyadan maxsus vakillar ishtirok etgan.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi