G‘arb boshqa davlatlarni Rossiya va Xitoyga qarshi qo‘zg‘atmoqda – Shoygu
Olam
−
28 aprel 2023
7990Bugun, 28 aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar Mudofaa vazirlarining Nyu-Dehlidagi yig‘ilishida qatnashayotgan Sergey Shoygu Ukrainadagi mojaro Vashington va uning ittifoqchilarining boshqa mamlakatlarni Moskva va Pekin bilan harbiy qarama-qarshilikka undashga e’tibor qaratganini tasdig‘i ekanini aytdi. Bu haqda RBC xabar berdi.
“Bugun Vashington va ularning sheriklari boshqa mamlakatlarni Rossiya va Xitoy bilan harbiy qarama-qarshilikka chorlashdan iborat strategik rejasini amalga oshirmoqda. Bunday jinoiy siyosatning yaqqol tasdig‘i Ukrainadagi mojarodir. Uning asl maqsadi Rossiyani strategik mag‘lubiyatga uchratish, Xitoyga xavf tug‘dirish va jahondagi monopol mavqeini saqlab qolishdir”, degan Shoygu yig‘ilishda.
Uning iddaosiga ko‘ra, shu maqsadda 2014 yilda Maydandagi aksilkonstitutsiyaviy to‘ntarishga 5 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflangan, bu esa Ukrainada rusofob rejimning shakllanishiga olib kelgan.
Biroq Rossiya mudofaa vazirligi rahbarining fikricha, G‘arbning Rossiyani yakkalab qo‘yish, Rossiya Federatsiyasi rahbariyatini murosa qilish maqsadida sheriklariga ta’sir o‘tkazishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Shuningdek, Shoygu SHHTga a’zo davlatlarga prinsipial pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirgan. Bundan tashqari, u Rossiya AQSHning Markaziy Osiyodagi harbiy ishtirokini tiklash borasidagi sa’y-harakatlari fonida Qirg‘iziston va Tojikistondagi bazalarida ogohlik darajasini oshirayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Nyu-Dehlidagi yig‘ilishda Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Belarus, Eron va O‘zbekiston Mudofaa vazirlari, shuningdek, SHHT Bosh kotibi ishtirok etmoqda.
LiveBarchasi