“G‘ani va Abdulla olov bilan o‘ynashmoqda” – AQSHlik diplomat
Olam
−
26 mart 2020
16829Afg‘onistonning dushmanlari mamlakatdagi vaziyatni kuzatib turgan paytda, Ashraf G‘ani va Abdulla Abdulla olov bilan o‘ynashyapti. Ismini oshkor qilishni istamagan amerikalik diplomat ana shunday fikrda. Bu haqda Tolo News nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Vashington G‘ani va Abdulla o‘rtasidagi siyosiy inqirozni davom etayotganidan jiddiy xavotirda. Agar ushbu jarayon davom etsa, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga yordam berishdan bosh tortishi mumkin.
"G‘ani va Abdullaning harakatlari o‘t bilan o‘ynashishga o‘xshaydi. Dushmanlar ushbu jarayonlarni kuzatib turibdi. Ehtimol, ularning orasida vaziyatdan o‘zlarining foydasi uchun foydalanmoqchi bo‘lganlar ham bordir", deydi amerikalik diplomat.
Diplomatning ta’kidlashicha, tinchlik jarayoni ketayotgan bir paytda bunday inqiroz o‘ta noo‘rindir. Bu "Tolibon" harakatining mamlakatga bosimini kuchaytiradi. Eng achinarlisi, ushbu inqiroz afg‘on xalqi boshiga katta kulfat keltirishi mumkin.
“Abdulla va G‘ani sabab kelib chiqqan ushbu siyosiy inqiroz mamlakatda toliblarning harakatini kuchaytiradi. Abdulla va G‘ani o‘rtasida kelishuvning yo‘qligi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf haqida jiddiy tashvishdamiz. Biz parallel hukumatga qarshimiz", deydi diplomat.
Rasmiy Vashingtonning davom etayotgan siyosiy inqirozga javoban Afg‘onistonga yordamni qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlari afg‘onlarda xavotirni yanada oshirdi. Xalq ham, afg‘onistonlik siyosatchilar ham tezroq bu inqirozni tezroq tugashini xohlamoqda.
"Umid qilamanki, Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston xalqi va hukumati bilan qoladi", deydi Afg‘oniston parlamenti a’zosi Abdul Sattor.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Abdulla Abdulla mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining natijalarini tan olmadi va o‘zini g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Joriy yilning 10 mart kuni Ashraf G‘ani va Abdulla Abdulla prezidentlik qasamyodini qabul qildi. Keyin esa ushbu jarayondan ranjigan AQSH, joriy yilning 24 mart kuni Afg‘onistonga yordam berilishini qisqartirganini e’lon qildi.
LiveBarchasi