Afg‘onistonda ikki Prezident qasamyod qabul qildi. Endi nima bo‘ladi?
Olam
−
10 mart 2020
23066Afg‘onistonda bir vaqtning o‘zida ikki kishi Prezidentlik uchun qasamyod qabul qildi. Bular mamlakatning amaldagi rahbari Ashraf G‘ani va uning asosiy raqibi Abdulla Abdulla. Bu shuni anglatadiki, endi Afg‘oniston Islom Respublikasini ikki nafar Prezident boshqaradi.
Jahon tarixida deyarli kuzatilmagan bu jarayon afg‘on xalqi uchun qimmatga tushishi mumkin. Ikki hokimiyatlilik shundoq ham inqirozga botib yotgan mamlakat ahvolini yanada tanglikka yetaklashi tayin. Shuningdek, ayni holat yaqinda bo‘lishi kutilayotgan hukumat va "Tolibon" harakati o‘rtasidagi muzokaralarni so‘roq ostida qoldiradi.
Keling, bu jarayondan so‘ng tomonlarning kelgusi harakatlarini tahlil qilib chiqamiz.
ASHRAF G‘ANINING KEYINGI REJALARI QANDAY?
Saylovlarda G‘ani katta siyosiy ustunlikka egaligi ko‘rinib turgandi. Chunki G‘anini chet ellik diplomatlar, jumladan, AQSHning maxsus vakili Zalmay Xalilzod va NATO kuchlari qo‘mondoni Skot Miller qo‘llab-quvvatlayotgandi.
Mamlakat aholisini aksari Ashraf G‘ani Prezident bo‘lishini qo‘llab quvvatlamoqda. Ayniqsa, G‘ani boshlangan tinchlik jarayoni yakuniga yetkazilishiga umid katta.
Ilgari AQSH va "Tolibon" o‘rtasida asirlarni almashish to‘g‘risidagi kelishuvga rioya qilishdan bosh tortgan G‘ani endi "Tolibon" asirlarini tinchlik jarayonini oldinga siljitish uchun ozod qilishini aytdi.
ABDULLA UCHUN QANDAY IMKONIYATLAR BOR?
Bu Abdulla Abdulla uchun uchinchi prezidentlik saylovi hisoblanadi. Avvalgi saylovda mag‘lubiyatga uchragach, Abdulla hokimiyatni vitse-prezident bo‘lishiga ko‘ndiradi. Ammo u keyinchalik G‘ani bilan deyarli muloqot qilmaydi.
O‘zining qasamyod marosimida Abdulla ham tinchlik jarayoniga sodiqligini e’lon qildi. Keyingi muzokaralarda ijobiy natijaga erishishni maqsad qilganini aytdi.
“Hukumatimizning asosiy vazifasi siyosiy barqarorlik va muzokaralar guruhini shakllantirishdan iborat. Tinchlik uchun qurbon bo‘lishga tayyormiz va bunda o‘zimizni ayamaymiz" dedi u marosimda.
Tahlilchilar Abdullani ruhlantirgan narsa G‘aniga raqib bo‘lgan siyosiy kuchlar ekanlinini ta’kidlashadi.
"Abdulla, G‘ani rejalariga qarshi tura oladigan muhim siyosiy rahbarlarning qo‘llab-quvvatlashidan ruhlanadi. Shunday ekan, G‘ani uchun afg‘onlararo muzokaralarni yakka o‘zi olib borish juda qiyin kechadi. Shuningdek, "Tolibon" boshqa siyosiy rahbarlarga qarshi bo‘lgan biron bir guruh bilan gaplashishni istamaydi", ", deydi Al-Jazira tahlilchisi Fayz Muhammad Zaland.
Boshqa bir tahlilchining ta’kidlashicha, Abdullaning AQSH bilan teskari munosabati muzokaralarga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
“Abdullaning inauguratsiya marosimida amerikalik diplomatlarning yo‘qligi, uning AQSH tomonidan tashlab qo‘yilganligidan dalolat beradi. Bu shuni anglatadiki, Abdulla AQSH - "Tolibon" kelishuviga qarshi bo‘lishi mumkin" deydi Ashraf G‘anining sobiq katta maslahatchisi va NATOning Afg‘onistondagi vakili Muhammad Shafiq Hamdam.
AQSH NIMA DEYDI?
AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo rasmiy Vashington Afg‘onistonda "parallel hukumat" tuzishga "keskin" qarshi ekanini aytdi. Bu borada u Abdulla Abdullaga o‘z "tanbehlarini" aytib o‘tganini ham bildirdi.
"AQSH Afg‘onistonda parallel hukumat tuzishilishiga keskin qarshi. Bu mamlakatni inqirozga yetaklaydi. Afg‘oniston xalqining tinchlikka intilishini e’tirof etgan holda, Qo‘shma Shtatlar ikkala tomonni ham kelishuvga erishishi uchun harakat qilmoqda", deydi Pompeo.
O‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlarni olib chiqishni e’lon qildi. AQSH-Afg‘oniston birlashgan kuchlari polkovnigi Sonni Legget "Tolibon" bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, AQSH qo‘shinlari 14 oy davomida olib chiqib ketilishini ma’lum qildi. Bu vaqt ichida mamlakatda afgonlararo kelishuv imzolanishi maqsadga muofiq ekanligini ta’kidladi. Lekin u ayni paytdagi vaziyatga keskin qarshiligini bildirib o‘tdi.
"Men Afg‘oniston hukumati qulash arafasida turganini his qilyapman va ikki Prezident bir vaqtning o‘zida Afg‘onistonni qonli fuqarolik urushiga olib kelishi mumkin", deydi Legget.
LiveBarchasi