“G‘amxo‘rlik” markazida bolalarga zo‘ravonlik qilgan 7 nafar xodimga chora ko‘rildi (video)

3-sahifa

image_2026-09-02_10-52-16 (1)

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida tarbiyalanuvchilarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik aks etgan videolar tarqalishi ortidan o‘tkazilgan o‘rganishlar sababli 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi “G‘amxo‘rlik” markazida tarbiyachi xodimlar tomonidan nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilingan holat tasvirlangan videolar tarqalgan edi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, videolarda aks etgan holatlar bilan bog‘liq 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilingan.

Shuningdek, markazdagi tarbiyachi xodimlarning ish faoliyati ustidan yetarlicha nazoratni ta’minlamagan mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan.

Shu bilan birga, markazda tarbiyalanayotgan bolalarning sog‘lig‘i ham nazoratdan o‘tkazilgan. Buning uchun hududdagi tibbiyot birlashmasining mutaxassis xodimlari jalb qilinib, bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Bolalar xavfsizligini ta’minlash va markaz hududidagi nazoratni kuchaytirish maqsadida esa bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchalari atrofiga qo‘shimcha kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Mas’ullar tomonidan mazkur holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgani hamda markazdagi bolalarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha nazorat kuchaytirilgani ma’lum qilingan.

“O‘z o‘rnida mazkur hududdagi tibbiyot birlashmasining mutaxassis xodimlarini jalb qilgan holda muassasadagi bolalar tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazildi. Qolaversa, “G‘amxo‘rlik” markazidagi bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonlari atrofiga qo‘shimcha nazorat kameralari joylashtirildi”, deyiladi agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar Yashnobod tumanida 3 yoshli bolaga muntazam ravishda jismoniy zo‘ravonlik qilgani va unga uxlatuvchi dori bergani aytilayotgan ona ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing