Gamburgdan Alyaskagacha: Tramp va Putinning natijasiz uchrashuvlari tarixi
Tahlil
−
15 avgust 5028 6 daqiqa
Alyaskadagi sammit Tramp va Putin o‘rtasidagi rasmiy va barchaga ma’lum bo‘lgan oltinchi uchrashuv hisoblanadi. Agar Trampning bundan 12 yil oldin bergan intervyusiga ishonilsa, 15 avgustdagi uchrashuv u va Putin uchun yettinchisi bo‘ladi. Bungacha ular dunyoning turli nuqtalarida xalqaro sammitlarda yuzma-yuz kelgan. 2017, 2018 va 2019 yillarda o‘tgan bir nechta uchrashuvlar shular jumlasidandir. Bugun o‘sha muzokaralar va qisqa kechgan suhbatlarga birma-bir to‘xtalamiz.
Noma’lum uchrashuv
Tramp va Putin o‘rtasidagi uchrashuvlar faqatgina rasmiy darajada kechmagan. Donald Tramp Rossiya yetakchisi bilan tadbirkor sifatida ham uchrashganini aytib o‘tgan. Asrimizning ikkinchi dekadasi boshida Tramp Rossiyani tez-tez tilga olishga odatlangan. 2013 yilda esa Devid Lettermanning butun dunyoga mashhur shousida Tramp beparvolik bilan Putin bilan bir marta uchrashganini eslatib o‘tgan hamda uni “aqlli” va “mustahkam” deya ta’kidlagan. Biroq Tramp bu birinchi uchrashuv qachon va qayerda sodir bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.
1-rasmiy uchrashuv – Gamburg
Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi barcha rasmiy uchrashuvlar Alyaskadagi sammitga qadar Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida o‘tkazilgan. 2017-2019 yillar oralig‘ida ular 5 marotaba uchrashgan.
Birinchisi, 2017 yilning 7 iyulida Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida doirasida tashkillashtirilgan. Mazkur uchrashuv ikki soatdan ko‘proq davom etgan. Bu paytda AQSH prezidentligi saylovida Rossiyaning aralashuvi va buning natijasida Tramp kutilmaganda hokimiyat tepasiga kelgani haqidagi gap-so‘zlar juda ko‘paygandi. Ammo ikki davlat rahbari ushbu mojaroli holatda ham o‘zaro uchrashuvlari mavzusini, asosan, manfaatli sohalarga, jumladan, kiberhujumlarga qarshi kurashish va Suriyada davom etayotgan urushni tugatish kabi masalalarga bag‘ishladi. Putin bu suhbatda 2014 yilda Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi va Donbass mintaqasidagi keyingi janglar tufayli Moskvaga qo‘yilgan sanksiyalarni yumshata olmadi. Ammo ikki yetkachi o‘sha kuni Suriyaning ayrim qismlarida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
2-rasmiy uchrashuv – Vetnam
Tramp va Putinning ikkinchi rasmiy uchrashuvi 2017 yilning 11 noyabr kuni Vetnamning Da Nang shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida bo‘lib o‘tdi. Birinchisidan farqli o‘laroq, bu uchrashuv norasmiy va juda qisqa bo‘ldi. Shunday bo‘lishiga qaramay, ular yana Suriyadagi urush va Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga aralashuvi masalasi muhokama qildi. Keyinroq Tramp Rossiya yetakchisining bu ishlarga aloqadorligini rad etib, “Putin meni har gal ko‘rganida, “men bunday qilmaganman” deydi va men uning so‘zlariga ishonaman”, deya bayonot bergandi.
3-rasmiy uchrashuv – Helsinki
Donald Tramp va Vladimir Putinning eng mashhur uchrashuvi 2018 yil 16 iyul kuni Helsinkida bo‘lib o‘tgan. Putin Rossiyada Jahon chempionati tugashi bilan ertasi kuni Finlandiyaga uchgandi. Matbuot anjumanida Rossiya mezbonligida o‘tgan Futbol bo‘yicha Jahon chempionatida o‘ynalgan to‘pning Putin tomonidan Trampga sovg‘a qilinishi bilan esda qolgan ushbu uchrashuv boshqa jihatlari bilan ham yodda qolgan. Chunki Helsinkidagi sammitda ham yana o‘sha 2016 yilgi saylov mojarasi hali ham dolzarb edi. Bu paytda maxsus prokuror Robert Myullerning 2016 yilgi AQSH saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bo‘yicha tergovi va 12 rus razvedka zobiti demokratik nishonlarga kiberhujumlarda ayblanashi e’tibor markazida edi.
Finlandiyadagi uchrashuv esa Tramp va Putinning faqat tarjimonlari hamrohligidagi ikki soatlik shaxsiy uchrashuvi bilan boshlandi. Shundan so‘ng ular qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazib, Tramp saylovlarga aralashish masalasiga alohida to‘xtaldi. U AQSH razvedka idoralari tomonidan bildirilgan xavotirlarni tan oldi, ammo Putinning ishga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi. Shundan so‘ng, Tramp Putinni himoya qilgani tufayli nafaqat demokratlar, balki o‘zi mansub respublikachilarning ham tanqidlari ostida qoldi. Juda ko‘pchilik maxsus prokuror tergovlaridan keyin Tramp nihoyat saylovga aralashish masalasida Rossiya Prezidentiga qarshi turishi va uni qoralashini kutgandi. Ammo Tramp bunday qilmadi va uning mazkur yondashuvi AQSH siyosiy doiralaridagi noroziliklarni kuchaytirib yubordi. Shu tariqa Finlandiyadagi sammit ham biror bir siyosiy yutuqlarga va ijobiy o‘zgarishlarga olib kelmadi.
Barbod bo‘lgan 4-uchrashuv – Buyenos-Ayres
Helsinki sammitidan so‘ng, ular 2018 yilda yana bir bor uchrashdi. O‘sha yilning 1 dekabr kuni Buyenos-Ayresda G20 sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘sha kuni ular rasmiy tarzda uchrashishi kerak edi. Biroq Rossiya Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining uchta kemasini qo‘lga olgani tufayli, Tramp hozirgi X tarmog‘i orqali bu uchrashuvni to‘satdan bekor qilganini yozdi. Ammo 1 dekabrdan bir kun oldin ular yopiq tarzda gaplashib olgani ma’lum bo‘ldi. Ular sammitda ochiq uchrashmagan bo‘lsalar-da, 30 noyabr kuni dunyo yetakchilari uchun uyushtirilgan kechki ziyofat chog‘ida rasmiylar ishtirokisiz yakkama-yakka gaplashgani aytilgandi.
5-rasmiy uchrashuv – Osaka
Tramp va Putinning Alyaskaga qadar o‘tkazgan so‘nggi uchrashuvi 2019 yil 28 iyun kuni Yaponiyada bo‘ladi. Bunda ham ular G20 sammiti bahonasida uchrashgandi. Ushbu uchrashuv Rossiyaning 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashuvini tasdiqlovchi Myuller hisoboti nihoyat e’lon qilinishi fonida bo‘lib o‘tadi. Ikki yetakchining qisqacha suratga tushish vaqtida jurnalist Trampdan Putinga keyingi yilgi AQSH sayloviga aralashish masalasida qarshilik ko‘rsata olasizmi, deb so‘raydi. Tramp esa 2020 yilgi prezidentlik poygasini nazarda tutib, Putinga shunchaki “iltimos, saylovga aralashmang”, deya hazillashadi. Shuningdek, Osakadagi sammit doirasida Putin Trampni 2020 yilda Rossiyada o‘tkaziladigan G‘alaba kuni paradiga taklif qiladi. Ammo Tramp bu tadbirda ishtirok etmagani ko‘pchilikka ma’lum.
Uzoq yillik hurmatdan Alyaskadagi sammitgacha
Yuqorida qayd etilgan uchrashuvlarning deyarli barchasi mojaroli muhitda o‘tgan. Aniqroq qilib aytganda esa ziddiyat ikki shaxs o‘rtasida kechmagan. Bu muammo Trampning 2016 yilgi AQSH prezidentligi saylovida qo‘lga kiritgan g‘alabasi bilan bog‘liq edi. O‘shanda yil davomida so‘rovnomalarning katta qismida Hillari Klinton ustun kelgandi. Ammo yakunda Tramp kutilmaganda o‘sha saylovda qo‘li baland kelib, Klintondan g‘alabani ilib ketgan. Shundan so‘ng, rossiyalik xakerlarning AQSH saylovlariga aralashuvi haqidagi taxminlar o‘rtaga chiqdi. Bu esa Trampga butun boshli birinchi muddati davomida, keyingi 4 yillik boshqaruvida doimiy muammolar tug‘dirdi. Ayniqsa Putin bilan uchrashgan har bir sammitida aynan shu masala o‘rtaga chiqaverardi.
Ammo u Putin bilan iliq munosabatlarni saqlab qoldi. Ikkinchi bor prezidentlik mandatini qo‘lga kiritgandan keyin ham yarim yil davomida Rossiya Prezidenti manziliga Tramp tomonidan keskin yoki jiddiy ko‘rinishdagi signal yuborilmadi. Biroq joriy yil yozga kelib Tramp Putinga qarshi bayonotlar berishni boshladi. U urushni to‘xtatmas ekan, Rossiya va uning hamkorlarini og‘ir oqibatlar kutayotgani haqida ogohlantirdi. Oradan ko‘p o‘tmay ikki yetakchi nihoyat gaplashib olishga, to‘g‘rirog‘i, quruq telefon suhbati emas, balki yuzma-yuz kelishga qaror qildi.
Shu bois Alyaskadagi sammitni bir necha oy oldin Trampning o‘zgargan ritorikasi hosilasi deyish mumkin. Aks holda Rossiya rahbari Kremlda telefon ortidan turib Trampni aldashda davom etishi, Ukraina ustida esa Shahed dronlari yog‘ilishda davom etishi mumkin edi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, Tramp Alyaskadagi sammitni Putin istagani, bu Rossiya yetakchisining iltimosiga ko‘ra amalga oshayotganini bildirdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham 15 avgustdan 16 avgustga o‘tar kechasi tun juda uzoq cho‘ziladi. Xullas, barchaning nigohi Alyaskada.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr