“Galatasaroy” Rafael Leau uchun taklif yubordi
Sport
−
27 iyul 852 1 daqiqa
Turkiyaning “Galatasaroy” jamoasi “Milan” qanot hujumchisi Rafael Leau uchun sotib olish huquqi bilan ijara taklifini yubordi. Bu haqda jurnalist Janluka Di Marsioning ma’lum qildi.
Jurnalistning ma’lum qilishicha, “Milan” portugaliyalik futbolchini faqat to‘liq transfer asosida qo‘yib yuborishni istamoqda va vaqtinchalik ijara variantini rad etgan.
Ma’lum qilinishicha, Leau 29 iyul kuni klubning Avstraliya bo‘ylab turnesi davomida jamoaga qo‘shilishi kerak. Shunga qaramay, uning “rossonerilar” safida qolish ehtimoli kam deb baholanmoqda.
Shuningdek, “Fenerbahche” ham futbolchiga qiziqish bildirgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Klub rasmiy bayonot berib, transfer va maosh xarajatlarini o‘z ichiga olgan 100 million yevrolik taklif haqidagi mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Rafael Leau 2019 yildan buyon “Milan” sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalarda 31 ta uchrashuvda ishtirok etib, 10 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Uning “Milan” bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan. “Transfermarkt” portali futbolchining bozor qiymatini 50 million yevro deb baholamoqda.