“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tashkil etiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko‘rsatgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini keng miqyosda yoritish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Toshkent shahrida “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlarini, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni o‘z ichiga olgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi barpo etildi.

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining faoliyatini samarali tashkil etish, uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondini doimiy ravishda boyitib borish, ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va kelajak avlod uchun arxiv hujjatlari va ashyolarni saqlab qolish, yoshlarni yuksak gumanizm va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Toshkent shahar hokimligining:

Mudofaa vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklidagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi (keyingi o‘rinlarda – Majmua) faoliyatini Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sag‘bon ko‘chasi manzilida tashkil etish;

Majmua hududida Mudofaa vazirligining Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, Harbiy orkestrlar xizmati, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblini bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirish;

Majmua huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Quyidagilar Majmuaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Ikkinchi jahon urushi janglarida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko‘rsatgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini ilmiy asosda o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish;

O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, front ortidagi mehnat qahramonliklari, yurtimizga evakuatsiya va deportatsiya qilingan turli millat vakillari, xususan, bolalarning bag‘rikenglik bilan kutib olinishi va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishi singari tarixiy voqealarni aks ettirish orqali yosh avlodning ma’naviy olamini yuksaltirish va keksa avlod bilan vorisiylik tuyg‘usini kuchaytirish, yuksak gumanizm, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash;

xalqimizning tarixiy xotira bilan yashab, o‘tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, shuningdek, mazmunli dam olishi bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari, ijodiy kechalar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;

Ikkinchi jahon urushi davriga oid xorijiy muzey ekspozitsiyalari va arxivlari fondlarini o‘rganish, O‘zbekiston xalqining g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini ilmiy asoslash uchun maqsadli, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda ularni keng jamoatchilikka taqdim etish;

“Shon-sharaf” davlat muzeyi fondlari va ekspozitsiyalarini Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish;

Ikkinchi jahon urushiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash, yangilarini aniqlash, to‘plash, ular haqidagi ma’lumotlarni nashrga tayyorlash, chop etish va ilmiy iste’molga kiritish;

urush davrida yurtdoshlarimizning jangovar va front ortidagi fidokorona xizmatlarini aks ettiradigan tarixiy xotirani mustahkamlash maqsadida ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda Majmuada ochiq darslar, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazishni, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini tashkil etish;

Majmuada turistlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va uning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish hamda noan’anaviy ko‘rgazmalar yaratish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ushbu yo‘nalishdagi chet el muzeylari bilan ko‘rgazmalar tashkil etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;

aholiga madaniy-dam olish xizmatlarini ko‘rsatish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligining Harbiy orkestrlar xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish va samarali boshqarish maqsadida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining madaniy ishlar bo‘yicha maslahatchisi – “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi boshlig‘i lavozimi joriy etilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

a) Majmuani saqlash O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga har yili ajratiladigan byudjet mablag‘lari, byudjetdan tashqari mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;

b) “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg‘armasi quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:

Majmuaga va uning ob’ektlariga kirish uchun chiptalar sotish, uning mulkini ijaraga berish, shartnomaga muvofiq ko‘rgazmalar tashkil etishdan va boshqa xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

v) Majmuaga tashrif buyurish uchun bir martalik chipta narxi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

6. Zarur hollarda Majmuaga, uning faoliyatini tashkil etish uchun tegishli bazaviy lavozim maoshi bo‘yicha soatbay mehnatga haq to‘lash asosida boshqa mutaxassislarni jalb etishga ruxsat berilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

ikki oy muddatda Majmua hududida Mudofaa vazirligining Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosini qurish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

uch oy muddatda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

Majmua faoliyatini tashkil etish uchun zarur shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida ajratiladi;

Majmua O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, bank hisobvaraqlariga hamda xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

Majmua boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri bilan kelishilgan holda mudofaa vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan muassasa hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti o‘z maqomiga, xodimlar (harbiy xizmatchilar) mehnatiga haq to‘lash (pul ta’minoti) shartlariga ko‘ra Mudofaa vazirligi markaziy apparatining bosh boshqarmasiga tenglashtiriladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Majmuaning 2021 yildan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari loyihalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilishini va ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq tanlovlar asosida Majmua ilmiy loyihalariga belgilangan tartibda mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zarxiv” agentligi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda xalqimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi yangi ma’lumotlarni, Majmuada olib borilayotgan ilmiy-ma’rifiy, ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘zida atroflicha aks ettiradigan kitob-albom tayyorlab, har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida nashr etishni yo‘lga qo‘ysin.

11. O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk G‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi haqidagi kitob-albomni tayyorlash va nashr etish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi:

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti faxriylarining qahramonligiga oid materiallarni to‘plash hamda Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondida saqlanayotgan eksponatlar va ma’lumotlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish va Majmua fondini doimiy ravishda boyitish ishlarini amalga oshirsin;

Respublika oliy va oliy harbiy ta’lim muassasalari talabalari (kursantlari), magistrantlari va doktorantlari tomonidan urush yillariga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishlarini tashkil etsin, ushbu maqsadda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ob’ektlarida alohida o‘quv xonalari ajratsin;

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda mavzuga oid badiiy, ilmiy-ommabop kitoblarni nashr etsin;

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada o‘zbek xalqining munosib hissasini kelgusi avlodlar xotirasida saqlab qolish uchun rejalashtirilgan tadbirlarni doimiy ravishda o‘tkazilishini ta’minlasin;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning burchaklarini yaratish bo‘yicha ishlarni tashkil etsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Majmua ichki hududi va ob’ektlarining qo‘riqlanishi va yong‘in xavfsizligini, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya Majmuaga tutash bo‘lgan tashqi hududlarning kecha-kunduz qo‘riqlanishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Majmuaning murojaatiga asosan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Majmuaning murojaatiga asosan uning belgilangan tartibda telekommunikatsiya va yuqori Internet jahon axborot tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ikki oy muddatda:

a) Madaniyat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

Majmuaga kirish chiptalarining onlayn savdosini tashkil etish;

xorijiy tillarda onlayn gid va onlayn ekskursiya o‘tkazish tizimini joriy etish;

“Shon-sharaf” davlat muzeyining zamonaviy saytini yaratish hamda unda “3D” va “360o” formatidagi fotoalbomni shakllantirish va joylashtirish choralarini ko‘rsin.

b) Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyi hududida milliy esdalik sovg‘alari mahsulotlari hamda muzeyda saqlanayotgan ashyolar nusxalarining savdosini tashkil qilsin.

17. Belgilansinki, Majmua hududida esdalik sovg‘alari mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlar faqat o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotadi va “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi”ga kiritiladi.

18. Toshkent shahar hokimligi 2020 yil 1 oktyabrga qadar Majmuani belgilangan tartibda qabul qilib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirsin va uni barcha mol-mulki bilan operativ boshqarish huquqi asosida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tekin foydalanish huquqi asosida topshirsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:

bir oy muddatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda Majmuani yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlasin;

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Majmuaga ichki va tashqi sayyohlarni keng jalb etish choralarini ko‘rsin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi bilan hamkorlikda Majmuada o‘tkaziladigan madaniy va ma’rifiy tadbirlarga taniqli yozuvchilar, shoirlar, ijod maktablari o‘quvchilari, shonli tariximiz va madaniyatimiz bo‘yicha mutaxassislarni, harbiy ansambl va orkestrlar hamda boshqa musiqa va san’at vakillarini keng jalb qilib borsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Majmuaga tegishli ta’lim muassasalari ta’lim oluvchilarini keng jalb qilgan holda Ikkinchi jahon urushi yillari tarixi va vatanparvarlik mavzularida doimiy ravishda mashg‘ulotlar o‘tkazilishini tashkil etsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3726-son qarori 2-bandining “b” kichik bandidagi “joylar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari” so‘zlari “o‘rinlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlari” so‘zlari bilan almashtirilsin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi − Spichrayteri X.M.Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 9 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori G'alaba bog'i majmuasi

Baholaganlar

24

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing