Gaitida jinoiy to‘dalar qamoqxonaga bostirib kirib, 4 ming mahbusni ozod qildi
Olam
−
04 mart
7092Karib dengizidagi orol davlati Gaitining poytaxti Port-o-Prens shahridagi qamoqxonaga qurolli jinoiy guruhlar bostirib kirdi va 4000 ga yaqin mahbusni ozod qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Hujum 2 mart kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Kecha, 3 mart kuni qamoqxonaga hujum qilingani ma’lum bo‘lgach, voqea joyiga xalqaro axborot agentliklarning mahalliy muxbirlari yetib borgan. AFP xabariga ko‘ra, qamoqxona darvozalari ochiq bo‘lib, ularning yonida o‘ndan ortiq jasad yotibdi. “Reuters” agentligi ham qamoqxona hovlisida uchta jasad yotganini yozgan.
Gaiti rasmiylari politsiya bir vaqtning o‘zida ushbu qamoqxonaga va boshqa bir qamoqxonaga - Krua-des-Buketga hujumlarni qaytarishga harakat qilayotganini e’lon qildi. Ikkinchi qamoqxonadan qancha odam qochgani haqida ma’lumot berilmagan. Birinchi qamoqxonada 3800 ga yaqin odam bo‘lgan va “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 99 nafari kameralarda qolgan. Qamoqxona xodimlari o‘q tegmasligi uchun ko‘chaga chiqmaslikka qaror qilgan.
Kamerasida qolganlar orasida 2021 yil iyulida Gaiti prezidenti Jovenel Moisening o‘ldirilishida ishtirok etganlikda ayblanib, qamoqqa olingan kolumbiyalik sobiq askarlar ham bor.
Ushbu qotillikdan so‘ng, Amerikaning eng qashshoq mamlakati Gaiti anarxiya va banditizm to‘lqini bilan qoplandi. To‘dalar poytaxt Port-o-Prensning 80 foizini nazorat qilmoqda va 11 millionlik aholisi bo‘lgan mamlakatda o‘tgan yili 8500 ga yaqin odam o‘ldirilgan.
O‘tgan yili Keniya ixtiyoriy ravishda Gaiti to‘dalarini bostirish va 1000 politsiyachini yuborish uchun xalqaro harbiy kuchga rahbarlik qildi. Yana bir Afrika davlati Benin yaqinda yana ikki ming askar va’da qilgan va Qo‘shma Shtatlar bu operatsiyani moliyalashtirishga tayyor.
Keniya Oliy sudi ijroiya hokimiyatining Gaiti bo‘yicha qarorini to‘xtatdi va Gaiti Bosh vaziri Ariel Genri 29 fevral kuni kelishuvni saqlab qolish uchun Nayrobiga bordi.
Xuddi shu kuni jinoiy guruhlardan birining rahbari, “Barbekyu” laqabli sobiq politsiyachi Jimmi Sherize Anrini ag‘darish uchun poytaxt va viloyatning barcha jinoiy guruhlari birlashayotganini e’lon qildi.
“Mamlakatni hech kim boshqarmayapti, rahbar yo‘q, aholi ochlikdan o‘lyapti, odamlar tashqariga chiqishga qo‘rqishyapti. Odamlar charchagan va endi bunga dosh berolmaydi”, degan “Barbekyu”.
Jinoiy to‘da rahbarining chiqishi va qamoqxonalarga hujum oralig‘ida bir nechta otishmalar sodir bo‘ldi. To‘rt politsiyachi halok bo‘ldi va besh nafari yaralandi. Banditlar aeroportga hujum qildi, ko‘plab reyslar bekor qilindi, bir necha talaba qisqa muddatga garovga olindi va bir kishi yaralandi.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi