Gaitida jinoiy to‘da maqsadiga yetdi. Bosh vazir iste’foga chiqdi
Olam
−
12 mart
4678Gaiti Bosh vaziri Ariel Anri mamlakatda jinoiy to‘dalar keltirib chiqargan zo‘ravonliklar va shiddatli norozilik namoyishlari fonida iste’foga chiqdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Kecha, 11 mart kuni Karib dengizi hamjamiyati (CARICOM)ga a’zo 25 ta davlat rahbarlari Yamaykada Gaitidagi vaziyat bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi. Uchrashuvdan so‘ng 5 martdan beri xavfsizlik nuqtai nazaridan Puerto-Rikoda kutgan Anri CARICOM’ga o‘z iste’fosini ma’lum qildi.
“Biz o‘tish davri prezidentlik kengashi tashkil etilgani va muvaqqat bosh vazir tayinlanganidan so‘ng Ariyel Anrining iste’fosini qabul qildik”, deydi CARICOM raisi va Gayana Prezidenti Muhammad Irfaan Ali.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda prezident Jovenel Moizning o‘ldirilishi va o‘sha yilning avgust oyida 2200 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan zilzila ortidan Gaitida xavfsizlik va gumanitar vaziyat yomonlashdi. “Telesur” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhlar poytaxt hududining 80 foizdan ortig‘ini nazorat qilib, respublikaning boshqa hududlarida ham birlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gaiti to‘dalaridan birining rahbari, “Barbekyu” nomi bilan tanilgan Jimmi Sherize mamlakat Bosh vaziri Ariel Anri iste’foga chiqmasa, mamlakatda zo‘ravonliklar yuzaga kelganida fuqarolar urushi boshlanishi bilan tahdid qilgan edi.
Anrining iste’fosini talab qilgan qurolli to‘dalar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashib, 2 va 3 mart kunlari Port-o-Prens va Krua-de-Buket mintaqasi yaqinidagi ikkita qamoqxonaga qurolli hujum uyushtirdi. To‘qnashuvlar paytida 4 mingga yaqin mahbus qamoqxonalardan qochib ketdi, 12 kishi halok bo‘ldi.
Hukumat qamoqxonadan qochgan jinoyatchilarni ushlash uchun 4 mart kuni 72 soatlik favqulodda holat va komendantlik soati e’lon qildi.
Sherize to‘dasi Bosh vazir Anrining mamlakatga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun poytaxt aeroportini bir necha bor bosib olishga uringan. Gaitida 4 mart kuni e’lon qilingan 72 soatlik favqulodda holat 7 mart kuni bir oyga uzaytirildi.
LiveBarchasi