Gaiti Prezidenti oxirgi yo‘lga kuzatildi. Marosimda tartibsizliklar yuzaga keldi (foto)
Olam
−
24 iyul 2021
9325Joriy yilning 7 iyul kuni o‘ldirilgan Gaiti Prezidenti Jovenel Moizning dafn marosimi kecha, 23 iyul kuni Respublika shimolidagi Kap-Aiten shahrida bo‘lib o‘tdi.
Marosimda siyosatchining bevasi Martin Moiz va Respublika rahbariyati a’zolari ishtirok etgan.
“Jovenel, sizga xiyonat qilishdi va vahshiylarcha o‘ldirishdi. Ammo sizning eng katta “gunohlaringiz” — bu mamlakatga bo‘lgan muhabbat, zaif odamlarni himoya qilish istagi, mamlakatni korrupsiyachi oligarxlardan xalos qilish edi. Biz zo‘ravonlik qilishni yoki qasos olishni xohlamaymiz, lekin hech qachon qo‘rquvga taslim bo‘lmaymiz. Biz uning ko‘ziga tik qarab, hammasi o‘tmishda qoldi, deb aytishimiz kerak. Biz jangda yutqazdik, ammo urushda yutqazmadik”, degan Martin Moiz xayrlashish nutqida.
Ta’kidlanishicha, marosim o‘tkaziladigan joy yaqinida tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz sepgan, o‘q ovozlari eshitilgan. Marosimni boshqargan ruhoniy vaqti-vaqti bilan baqirishga majbur bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, AQSH va BMTning rasmiy delegatsiyalari xavfsizlik nuqtai nazaridan dafn marosimini muddatidan oldin tark etgan.
Namoyishlar tufayli 22 iyul kuniga belgilangan rasmiy xayrlashish marosimi ham qisqartirilgan shaklda o‘tkazilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Gaiti Prezidenti 7 iyulga o‘tar kechasi shaxsiy qarorgohiga qilingan hujumda o‘ldirilgan. Hujumda uning rafiqasi Martin Moiz ham jarohat olgan. Vazirlar kengashi Respublikada 15 kun davomida harbiy holat joriy qilgan.
LiveBarchasi