G7 yig‘ilishida Markaziy Osiyo masalasi ham ko‘tarildi

Olam

image

G7 mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo davlatlari duch kelayotgan muammolarni hal etishda hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni Yaponiyaning Karuizava shahridagi uchrashuvlar bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda so‘z bordi.

“Markaziy Osiyo bo‘yicha yig‘ilishga raislik qilgan Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayashi mintaqaning beshta davlatini (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston), ular duch kelayotgan muayyan muammolarni hal qilishda qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi”, deyiladi Yaponiya TIV bayonotida. 

G7 vazirlari esa katta yettilik mamlakatlari mintaqa muammolarini hal qilishda hamkorlikni davom ettirishi haqidagi fikrga qo‘shilgan.

Ta’kidlash joizki, Yaponiya oxirgi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. 2022 yil noyabr oyida Tokioda hukmron Liberal-demokratik partiya raisi o‘rinbosari, sobiq bosh vazir Taro Aso boshchiligida Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlik bo‘yicha parlament a’zolari uyushmasi tashkil etildi. 2022 yil dekabr oyi boshida Yaponiya poytaxtida mintaqa davlatlarining rasmiy va biznes vakillari ishtirokida Markaziy Osiyo investitsiya forumi ham bo‘lib o‘tdi. 24 dekabrda esa Tokioda “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda G7’ga raislik qilayotgan Yaponiya joriy yilning may oyida Xirosimada sammitga mezbonlik qiladi. Sammit oldidan 16-18 aprel kunlari Nagano prefekturasi tog‘larida joylashgan Karuizava kurort shahrida G7 Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Oldinroq mazkur yig‘ilish ishtirokchilari Rossiyaga sanksiyalarni kuchaytirishga kelishib olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Markaziy Osiyo G7

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing