G7 Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarini to‘xtatmoqchi

Olam

image

G7 davlatlari Rossiyaning Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlarini to‘xtatish niyatida, shuningdek, zarur bo‘lgan vaqt davomida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 13 may kuni Yaponiyaning Niigata shahrida bo‘lib o‘tgan G7 mamlakatlari Moliya vazirlari va Markaziy banklari rahbarlarining uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda so‘z bordi.

“Biz sanksiyalarimizni chetlab o‘tish va buzishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshilik ko‘rsatishga tayyormiz. Biz Ukrainani zarur bo‘lgan vaqt davomida so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Kelgusida Rossiya va boshqa davlatlar o‘rtasidagi transchegaraviy tranzaksiyalarni kuzatish bo‘yicha muvofiqlashtirishni kuchaytirishda davom etamiz. Kerak bo‘lsa, Rossiya moliya sektoriga nisbatan qo‘shimcha choralar ko‘rib, ushbu choralar o‘z maqsadlariga erishishini ta’minlash uchun Rossiya nefti va neft mahsulotlariga narxlarni cheklash samaradorligini diqqat bilan kuzatib boramiz”, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, bayonotda boshqa davlatlarni Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishga chaqirilgan va G7 mamlakatlari Ukraina mojarosi hal etilgunga qadar Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘yish niyatida ekani yana bir bor ta’kidlangan.

Bundan tashqari, Moliya vazirlari va G7 Markaziy banklari rahbarlari Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli yuzaga kelgan global iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qat’iy qaror qilganini bildirgan. Shuningdek, ular Rossiya Federatsiyasiga qarshi joriy etilgan sanksiyalar oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga hech qanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya sanktsiya G7

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing