G20 vazirlari yana kelisha olmadi

Olam

image

20 ta yetakchi sanoat va rivojlanayotgan mamlakatlarning Moliya vazirlari va Markaziy banklari rahbarlari San-Pauludagi yig‘ilishda qo‘shma yakuniy bayonot bo‘yicha kelisha olmadi. Buning o‘rniga G20 ga raislik qilayotgan Braziliya kecha, 29 fevral yig‘ilish bo‘yicha o‘z xulosasini e’lon qildi.

"Vazirlar jahon iqtisodiyoti istiqbollarini muhokama qilar ekan, Ukraina va G‘azoga e’tibor qaratib, hozirgi urushlar, mojarolar va gumanitar inqirozlar bo‘yicha fikr almashdi. Braziliyaning G20 raisligi moliyaviy yo‘l geosiyosiy muammolarni hal qilish uchun eng mos forum emasligini ta’kidladi va bu masalalarni tegishli forum va yig‘ilishlarda muhokama qilishni davom ettirishni taklif qildi”, deyiladi bayonotda.

Braziliya Moliya vaziri Fernando Addadning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy hujjat matni bo‘yicha uning geosiyosiy tarkibiy qismi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli kelishib bo‘lmagan.

O‘z navbatida, Germaniya Moliya vaziri Kristian Lindner avvalroq 28-29 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunikeda geosiyosiy mojarolar, xususan, Ukrainadagi urush, “HAMAS terrorizmi” va G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat tilga olinmasa, uni qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidlagan.

"Biz bu masalalardan qochishga qarshimiz. Garchi biz markaziy banklar rahbarlari va moliya vazirlari bo‘lsak ham, biz mamlakatlarimiz qadriyatlarini ifodalaymiz va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni himoya qilishimiz kerak", deydi Lindner.

DPA agentligining yozishicha, Braziliya G20 yig‘ilishiga mezbon sifatida faqat iqtisodiy siyosat masalalariga e’tibor qaratgan holda geosiyosiy inqirozlar haqidagi parchalarni yakuniy qo‘shma bayonotdan chiqarib tashlamoqchi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil Hindistonning Gandinagar shahrida bo‘lib o‘tgan G20 davlatlari Moliya vazirlari va Markaziy banklari rahbarlarining yig‘ilishi ishtirokchilari ham Ukraina mavzusidagi kelishmovchiliklar tufayli qo‘shma bayonot borasida kelisha olmagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya G20

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing