FVV: Bir oylik yomg‘ir bir necha soatda yog‘di

Jamiyat

image

Joriy yilning 5-7 aprel kunlari O‘zbekistonning turli hududlarida kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi. Sel va do‘l oqibatlari haqida bir necha xabarlar taqdim etib bordik. Yog‘ingarchilik oqibatlari haqida FVV maxsus axborot berdi.

Ushbu yog‘ingarchiliklar bahor oylarida bir oyda yog‘adigan yog‘in miqdori bir necha soat ichida yog‘ib o‘tganligi natijasida Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax va Surxondaryo viloyatlardagi sel toshqin yo‘llaridagi ayrim xonadonlarning tomorqa va hovlilarini suv bosgan.

Yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy FVDqT xizmatlari kuch vositalari jalb qilinib, yomg‘ir suvlari kirgan xonadonlarning tomorqalaridan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilgan.

Shuningdek, holat yuzasidan viloyatlar hokimliklarida shtab ishi tashkil etilib, yomg‘ir natijasida viloyat hududida yuzaga kelgan vaziyatga aniqliklar kiritilmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Langar qishlog‘idagi 25 ta aholi xonadonlarining yordamchi uylariga va hovlisiga sel suvlari chiqqanligi aniqlanib, yig‘ilib qolgan har xil shox-shabbalardan, loyqalardan tozalangan.

Chiroqchi tumani: “Bog‘ishamol” MFY, “Pakandi” MFY, “Qahramon” MFY, “Chiljivut” MFY hududlaridan oqib o‘tuvchi “Qashqadaryo” daryosi qirg‘og‘i yaqini yashovchi aholining yordamchi tomorqalari hamda “Navro‘z” MFY Navro‘z qishlog‘ining yuqori qismidan kelgan sel suvlari qishloqdagi jami 8 ta aholi xonadonlarining tomorqalariga toshib kirganligi sababli tuman ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda, yer tomorqalarining kadastr hujjatlari mavjud emasligi, noqonuniy tarzda ekin maydoniga aylantirgani aniqlangan.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumani: 2019 yil 5 aprel kuni soat 02:40 dan 03:25 ga qadar hududda ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi natijasida, “Qo‘shchinor”, “Qorizarab”, “Bog‘chakalon” MFY hududidan o‘tuvchi soy yo‘li orqali Urganja qishlog‘i “Saroy”, “Mirdosh”, “Uchqara”, “Guliston” MFY jami 132 xonadonning tomorqa va hovlilariga suv kirgan.

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani: “Moltob” va “Lalmikor” QFY hududidan sel oqib o‘tgan. “Oqtosh” QFYdagi 8 ta xonadon hamda “Nurliquyosh” qishlog‘idagi bitta xonadon tomorqasi va hovlisiga suv kirgan.

“Moltob” QFY Yangiqishloq ko‘chasida joylashgan jami 6 ta xonadonga qisman yomg‘ir suvlari kirib, qo‘shimcha binolar (molxona, ayvon, o‘tinxona, hojatxona) qisman zarar ko‘rgan bo‘lib, bugungi kunda “Moltob” QFY oqsoqoli va mahalla faollari tashabbusi bilan hovlilar, tomorqa va ko‘chalarda hashar yo‘li bilan tozalash ishlari olib borildi.

“Ko‘kgumbaz” QFY hududidan oqib o‘tgan Qorasoydan yomg‘ir suvlari kelishi oqibatida jami 8 ta xonadonning qo‘shimcha binolari (molxona, garaj, ayvon, tandirxona) hamda xonadon tomorqalariga qisman suv oqimi kirgan bo‘lib, kelgusida Qorasoyda yomg‘ir suvlari toshishini oldini olish maqsadida, soyning o‘ng qirg‘og‘ida 600 metr, chap qirg‘og‘ida 200 metr masofada tozalash ishlari olib borildi.

Samarqand viloyatining Samarqand shahri hududida 5 aprel kuni surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 7 aprel kuni viloyat hokimi topshirig‘iga asosan, viloyat FVB, IIB, Arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi, Samarqand shahar hokimligi, Kadastr xizmati, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Gaz va Elektr ta’minoti xizmatlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, Samarqand shahridagi Abdurahmon Jomiy, Mahmud Koshg‘ariy, Obi Raxmat, Bo‘stonsaroy, Dagbit, Istiqbol, Mir Said Baraka, Ro‘dakiy, Motrid, Buyuk Ipak yo‘li, Zarafshon temir yo‘l stansiyasi ko‘chalarida joylashgan yakka tartibdagi aholi hovlilarining yomg‘ir suvlaridan zarar ko‘rgan aholi xo‘jaliklarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish tadbirlari olib borilgan.

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumani: 2019 yil 5 aprel kuni soat 16.35 dan 18.20 ga qadar hududda yomg‘ir yog‘ishi natijasida Surxon temir yo‘l stansiyasi hududiga yomg‘ir suvi to‘plangan. Temir yo‘lga zarar etmagan. Termiz — Toshkent yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd 55 minut ushlab turilgan. Shu bilan birga, “Markaziy Surxon” MFYdagi 7 ta, “Avlod” MFYdagi 6 ta va “O‘rikli” MFYdagi 6 ta hovliga yomg‘ir suvlari kirgan.

Qumqo‘rg‘on tumani: 2019 yil 5 aprel kuni soat 16.35 dan 18.20 ga qadar hududda yomg‘ir yog‘ishi natijasida, “Arpapoya” MFY hududidan o‘tuvchi Bobotog‘ kanalidan suv toshib, 7 ta xonadonning tomorqa va hovlilariga suv kirgan.

Respublika bo‘yicha talafotlarni bartaraf etish uchun FVDqT xizmatlarining 605 nafar xodimi va 115 ta texnikasi jalb etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

FVV

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing