FO‘O‘BOga yuklatilgan 46 ta vazifa qisqartirildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilgan 46 turdagi hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar qisqartirildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan tashqari funksiyalarni faqatgina davlat organlari va tashkilotlar bilan haq to‘lashni nazarda tutuvchi shartnoma asosida amalga oshirish huquqi berildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tuzilmasida fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosarlari sanalgan ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, tadbirkorlik, tomorqa yer egalari faoliyatiga ko‘maklashish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha maslahatchi, yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari tugatildi.

Quyidagi yangi lavozimlar kiritildi:

•    fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
•    fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;
•    fuqarolar yig‘ini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
•    oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis;
•    fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi;
•    fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchisi.

Shuningdek, quyidagi jamoatchilik tuzilmalari tugatildi:

•    yarashtirish komissiyasi;
•    ma’rifat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha komissiya;
•    ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya;
•    voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiya;
•    tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha komissiya;
•    jamoatchilik nazorati va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiya;
•    “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi.

Bundan tashqari quyidagi komissiyalar tashkil qilindi:

•    oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi;
•    ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiya.


Maqola muallifi

Teglar

farmon mahalla

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing