Futzal “Gvardiola”si O‘zbekiston termasiga bosh bo‘ldi
Sport
−
20 Sentabr 2023
4196Dunyoga mashhur futzal mutaxassisi Xose Venansio Lopes futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida rasman e’lon qilindi.
Anjumanni O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ochib berdi.
“Jahon chempionatida munosib ishtirok etish uchun sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Terma jamoaga murabbiy tanlash juda murakkab, 30 dan ortiq nomzodlar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Dunyoning 5 karta eng yaxshi murabbiyi Xose Venansio Lopes nomzodida to‘xtaldik”, deydi Ermatov.
Vitse-prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun Andijonda mashg‘ulot zallariga ega bo‘lgan yangi arena barpo etiladi. Shuningdek, u O‘zbekiston mezbonligida o‘tadigan chempionat mamlakatda futzal infrastrukturasini Jahon standartlariga moslashtirishga hissa qo‘shishini aytgan.
“Oldimizda bir qancha musobaqalar bor. Xususan, Jahon chempionatidan avval Osiyo kubogida ishtirok etamiz. Hozirda birlamchi vazifa – Osiyo chempionati. Xose Venansio mahalliy murabbiylar bilan ham ishlaydi, futzal infrastrukturasi bo‘yicha ham o‘z maslahatlarini berib boradi”, deydi O‘FA qoshidagi Futzalni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Jahongir Usmonov.
Ma’lumot uchun, Venansio ikki bor Ispaniya terma jamoasini Yevropa chempioniga aylantirgan va Jahon chempionati finaliga olib chiqqan. Murabbiy klublar o‘rtasida Yevropa va Ispaniya chempioni, 3 karra kubok egasi hamda 3 karra superkubok sovrindori hisoblanadi. Mutaxassis shuningdek, 5 bor dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.