Futzal bo‘yicha JCH yakunlandi. Finalda Ronaldu va Messi vatandoshlari to‘qnash keldi

Sport

image

Joriy yilning 12 sentyabridan 3 oktyabriga qadar Litvada o‘tkazilgan futzal bo‘yicha Jahon chempionati o‘z nihoyasiga yetdi va unda Portugaliya g‘alaba qozondi.

Musobaqaning finalida 2016 yilgi Jahon chempioni Argentina va 2018 yilgi Yevropa chempioni Portugaliya terma jamoasi parketga chiqdi. O‘yinning 13-daqiqasida qirg‘izistonlik hakam Nurdin Bukuyev argentinalik Kristian Borrutoga qizil kartochka ko‘rsatdi. Ushbu vaziyatda Borruto portugaliyaliklar sardori Rikardinoga “xuk” zarbasi yo‘llagan edi. 15-daqiqada Pani Varela Portugaliyani hisobda oldinga olib chiqdi. 28-daqiqada esa Pani dublga erishib o‘rtadagi farqni ikkitaga oshirdi. Shundan so‘ng, Klaudino gol urib, hisobni qisqartirdi. Ammo uning goli jamoasining g‘alaba qozonishi uchun kamlik qildi – 1:2. Shu tariqa “selesao” o‘z tarixida ilk bor JCH g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

3-o‘rin uchun kechgan bahsda Braziliya va Qozog‘iston terma jamoalari kuch sinashdi. Birinchi bo‘lim qozog‘istonlik futzalchilar foydasiga hal bo‘ldi. Biroq ikkinchi bo‘limda “pentakampeonlar” 4 ta to‘p kiritib, 4:2 hisobida g‘alaba qozondi va mundialning bronza medallariga ega chiqdi.

Ma’lumot uchun, Portugaliya terma jamoasi sardori Rikardino musobaqaning eng yaxshi futbolchisi sifatida “oltin to‘p”, braziliyalik Ferrao 9 ta gol bilan “oltin butsa”, argentinalik Nikolas Sarmiento “oltin qo‘lqop” sovrinini qo‘lga kiritdi. “Halol o‘yin” mukofoti esa Qozog‘iston terma jamoasiga nasib etdi. 

Futzal bo‘yicha mundial bahslari 1989 yildan buyon har to‘rt yilda muntazam o‘tkazib kelinadi. Shu vaqtga qadar Braziliya (5), Ispaniya (2), Argentina (1) va Portugaliya (1) termalari Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

Ma’lumot uchun, Jahon chempionatidan avval o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston Portugaliya ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jahon chempionati Braziliya Argentina Portugaliya FIFA Futzal

Baholaganlar

33

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing