Futbolchilarimiz irodasini yaqqol namoyon etdi – Shavkat Mirziyoyev (video)
Sport
−
18 iyun 5931 2 daqiqa
O‘zbekistonlik futbolchilar Jahon chempionatidagi Kolumbiyaga qarshi kechgan ilk o‘yinda o‘zining kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“O‘zbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizg‘in kechgan o‘yinda futbolchilarimiz jahon mundialida birinchi marta juda katta tajribali jamoaga qarshi o‘zining kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Oson emas, birinchi marta 34 yil biz kutgan voqea bo‘ldi. Shuning uchun kuchli xarakteri, jismoniy tayyorgarligi va irodasini yaqqol namoyon etdi desak, bu ham to‘g‘ri. Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz – bu ham g‘alaba”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev fidoiy yoshlar O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari ekanini qayd etgan.
“Bir narsani aytmoqchimanki, biz vatanparvar va fidoiy yoshlarimiz bilan faxrlanamiz va ular hozirgi O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari. Hali oldimizda juda ko‘p imkoniyatlar borligini o‘zlaring ko‘rdilaring. Farzandlarim, qahramonlarim ko‘p narsaga qodir ekanliklarini ham bildirdi. Shuning uchun faqat omad tilaymiz biz. Olg‘a, O‘zbekiston”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionati uchrashuvida maydonga tushgani haqida xabar berilgan edi. Unda Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiyaga qarshi bahs olib borib, 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston futboli tarixidan o‘rin oldi. Yarim himoyachi Kolumbiya darvozasini ishg‘ol qilib, milliy terma jamoaning Jahon chempionatlari tarixidagi ilk goliga mualliflik qildi va hisobni tenglashtirdi.
Endilikda O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidagi navbatdagi uchrashuvini joriy yilning 23 iyun kuni Xyuston shahrida Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. Kannavaro shogirdlari uchinchi turda esa 27 iyun kuni Atlanta shahrida Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.
Live
Barchasi