O‘zbekiston JCHni mag‘lubiyat bilan boshladi
Sport
−
08:57 4377 2 daqiqa
Bugun, 18 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionati uchrashuvida maydonga tushdi. Unda Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiyaga qarshi bahs olib borib, 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Meksikadagi mashhur “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hisob 41-daqiqada ochildi. Kolumbiya terma jamoasi himoyachisi Daniel Munos janubiy amerikaliklarni oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston futboli tarixidan o‘rin oldi. Yarim himoyachi Kolumbiya darvozasini ishg‘ol qilib, milliy terma jamoaning Jahon chempionatlari tarixidagi ilk goliga mualliflik qildi va hisobni tenglashtirdi.
Biroq oradan olti daqiqa o‘tib, Luis Dias Kolumbiyaning ikkinchi golini kiritdi. Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 90+8-daqiqada Xaminton Kampas Kolumbiyaning 3-golini kiritdi. Qolgan vaqt davomida hisob o‘zgarmadi va bahs Kolumbiyaning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Shu tariqa, birinchi turdan so‘ng Kolumbiya 3 ochko bilan “K” guruhida yakka peshqadamga aylandi. Portugaliya va Kongo DR hisobida bir ochkodan mavjud. O‘zbekiston esa ochkosiz qoldi.
Endilikda O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidagi navbatdagi uchrashuvini joriy yilning 23 iyun kuni Xyuston shahrida Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. Kannavaro shogirdlari uchinchi turda esa 27 iyun kuni Atlanta shahrida Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.
O‘yinda kiritilgan gollarni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi