Futbol qirolining 101 yoshli onasi vafot etdi
Sport
−
22 iyun
7094Uch karra jahon chempioni braziliyalik afsonaviy futbolchi Pelening onasi Selest Arantis 101 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Globo” portali xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Arantis 21 iyun kuni Santosda vafot etgan. U bir haftadan ko‘proq vaqt davomida kasalxonada bo‘lgan.
Arantisning o‘limi bo‘yicha rasmiy bayonotni Pele faoliyatining katta qismini o‘tkazgan “Santos” futbol klubi e’lon qildi.
“Bu 101 yillik ilhomlantiruvchi hayotiy hikoya edi. O‘z oilasi uchun hayotda cheksiz qiyinchiliklarga duch kelgan qora tanli qirolichaning hikoyasi yakunlandi. Unga Santos aholisining mehr, hayrat va minnatdorligi abadiydir”, deyiladi klub bayonotida.
Qayd etish joiz, asl ismi Edson Arantis do Nasimento bo‘lgan Pele 2022 yil 29 dekabrda 82 yoshida vafot etgandi. U uch marta (1958, 1962, 1970) jahon chempionligini qo‘lga kiritgan yagona futbolchi. Pele sport OAVga ko‘ra bir necha bor XX asrning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan.