“Fulhem” “Real”ning ikki futbolchisini o‘z safiga qo‘shib oldi
Sport
−
04 avgust 2194 2 daqiqa
Londonning “Fulhem” klubi Madridning “Real” jamoasi ikki futbolchisi – Gonsalo Garsiya va Sesar Palasioslarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, londonliklar har ikki futbolchi bilan 2031 yil iyuniga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ikki transferning umumiy qiymati taxminan 50 million yevroga teng. 22 yoshli Gonsalo Garsiya uchun “Fulhem” qariyb 40 million yevro to‘lagan. 21 yoshli Sesar Palasiosning transferi 10 million yevroni tashkil qilgan.
Kelishuvga ko‘ra, har ikki futbolchining iqtisodiy huquqlarining 70 foizi “Fulhem”ga o‘tgan, “Real Madrid” esa kelajakdagi ehtimoliy transferlardan 30 foiz ulushni saqlab qolgan.
Ma’lumot uchun, Gonsalo Garsiya “Real Madrid” asosiy jamoasi safida 51 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol urgan. Sesar Palasios esa “qaymoqranglilar” tarkibida yettita rasmiy o‘yinda maydonga tushgan.
E’tiborlisi, har ikki futbolchi Londonda yana sobiq ustozi Alvaro Arbeloa qo‘l ostida to‘p suradi. Arbeloa ular bilan avval “Real Madrid” tizimida ishlagan va keyinchalik asosiy jamoaga jalb qilgan edi.
Yangi futbolchilar joriy yilning 7 avgust kuni “Kristal Pelas”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida debyut qilishlari mumkin. “Fulhem” Premer-ligadagi yangi mavsumni joriy yilning 24 avgust kuni safarda “Chelsi”ga qarshi bahs bilan boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, yangi mavsumdan boshlab “Chelsi”ni “Real Madrid”ning sobiq futbolchisi va murabbiyi Xabi Alonso boshqaradi.