Fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga jo‘natmoqchi bo‘lganlar ushlandi

3-sahifa

image

O‘zbekistonning turli hududlarida o‘tkazilgan tadbirlarda AQSHga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi 32 yoshli shaxs Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida istiqomat qiluvchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali “Toshkent-Istanbul-Madrid-Tixuana” yo‘nalishida AQSHga yuborishga va’da qilgan. Shuningdek, u viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytgan.  U bunday “xizmatlari” evaziga 334 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 3 nafar fuqaroni AQSHga borishlari uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va viza olib berishni va’da qilgan. U o‘z “xizmati” evaziga 42 ming AQSH dollari talab qilgan va oldindan 28 800 AQSH dollari olayotgan vaqtda ushlangan.

Shu bilan birga, Samarqand shahrida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan shaxs  Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning nomiga viza va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, uni “Turkiya-Yevropa davlatlari-Meksika” yo‘nalishida aylanma yo‘llar orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 17 500 AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 6 ming AQSH dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi shaxs 1989 yilda tug‘ilgan Uchquduq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Turkiya va Meksika davlatlari orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish va u yerda ishga joylashtirish evaziga 19 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 6200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi 1988 yilda tug‘ilgan shaxs jizzaxlik fuqaroni Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborishni va’da qilib, 2023 yilning aprel-may oylarida 14 300 AQSH dollarini olib, uni aylanma yo‘llar bilan Janubiy Afrika Respublikasiga yuborgan.  Vaziyatni o‘nglash, ya’ni uni Amerikaga o‘tkazish uchun uning otasidan qo‘shimcha 6700 AQSH dollari talab qilgan.  U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘timiz,  avvalroq Samarqand viloyati Payariq tumanida fuqaroni 24 000 AQSH dollari evaziga Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh noqonuniy Fuqaro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing