Fuqarolarimizning chet elda ishlashi normal holat – Ilhom Ne’matov
Jamiyat
−
22 dekabr 2019
3002Bugungi kunda O‘zbekistonning 3 millionga yaqin fuqarosi xorijiy mamlakatlarda migrant o‘laroq ishlab kelmoqda. O‘zbekiston tarixida birinchi bor ularning saylovda ishtirok etishiga keng miqyosida e’tibor qaratilmoqda.
Migrant bo‘lib ishlayotgan fuqarolar orasida ham siyosiy dunyoqarashi keng, o‘zgarishlarga daxldorlar talaygina. Xo‘sh, ular keyingi saylovlarda deputatlikka o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkinmi? Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne’matov quyidagicha javob berdi:
“Hozirgi kundagi qonunchilikka asosan parlament saylovida nomzodlar faqat siyosiy partiyalar nomidan ko‘rsatiladi. Faqat siyosiy partiyalargina bu huquqqa ega. Bunday savollar juda ko‘plab kelib tushyapti. Mana shu takliflar asosida bu masala kelajakda ko‘rib chiqilsa kerak”.
Ilhom Ne’matov so‘zida davom etarkan, o‘zbekistonliklarning chet elda ishlayotgani normal holat ekanini qayd etadi.
“Ular migrant emas, ular bizning aholimiz, bizning fuqarolarimiz. Ular qayerda bo‘lsa ham himoya qilamiz. Ular hozirgi kunda chet elda ishlayotgan bo‘lsa, bu normal holat. Bu faqat O‘zbekistondagi emas, butun dunyodagi global muammo. Ayniqsa, bizning mamlakatimizda mehnat bozoriga yiliga 700 ming kishi qo‘shilyapti. Yiliga 700 ming ish o‘rni yaratish muammo, buni bilasiz. Nafaqat bizda, balki Yevropada, qo‘shni mamlakatlarda migratsiya muammosi bor. Bu tabiiy narsa”.
LiveBarchasi