Fuqarolar ko‘chirilmoqda. FVV uchta shaharda kuzatilgan sel oqibatlarini ma’lum qildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 6-7 may kunlari O‘zbekistonning uchta viloyati: Andijon, Namangan va Surxondaryoning ayrim hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel toshqinlari kuzatildi.

Hodisa Favqulodda vaziyatlar vazirligi, hokimliklar va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olinib, joylardagi ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Toshqin natijasida Andijon viloyati “Qirg‘iz” kanali orqali oqib kelgan sel oqimlari Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘chalar orqali 278 ta aholi xonadoni va hovlisiga kirgan.

Afsuski, favqulodda vaziyat natijasida ikki nafar voyaga yetmagan fuqaro halok bo‘lgan.

Shuningdek, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy va Chust tumanlarida yoqqan kuchli yomg‘ir sababli Pop tumani “Vodiy” MFY hududida sel oqimlari kuzatilib, Pop tumani hududidan o‘tuvchi "Namangan-Toshkent" avtomobil’ yo‘lining 15-16 km.da yo‘l yoqasining yuvilishi, “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining 103-106 km.da temir yo‘l tarmog‘ining taxminan 3 metr qismida tuproq massasining yuvilishi ro‘y bergan.

Shu bilan birga, “Yangiobod” va “Vodiy” MFYdagi 25 ta aholi tomorqasiga ham yomg‘ir suvlari kirgan. Hozirda, avtomobil va temir yo‘llarining zarar ko‘rgan qismida avariya-tiklash ishlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatining Sherobod va Qumqo‘rg‘on tumanlarida yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida hosil bo‘lgan sel oqimlari Sherobod tumanidagi “Qorabog‘” QFY va “Uchyog‘och”, “Guliston”, “G‘o‘rjak-2” MFYdagi 16 ta, Qumqo‘rg‘on tumani “Azlarsoy”, “Bog‘aro” va “Yelobod” MFYdagi 340 ta aholi xonadoni va tomorqasiga kirgan.

Ayni paytda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida maxsus texnikalar yordamida aholi yashash xonadonlaridan yomg‘ir suvlari chiqarib tashlangan.

Shu bilan birga, vazirlik xodimlari sel kelgan hududlarda fuqarlar holidan xabar olish, ularga zaruriy yordamlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirmoqdalar.

Jumladan, daryo, soy, ariq va kanallar o‘zanlarini tozalash hamda qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha joylarda 70 ta (yil davomida reja bo‘yicha 165 ta) amaliy maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlarga 1 078 ta texnika, 4 752 nafar shaxsiy tarkib jalb etilib, o‘quv-mashqlari davomida 41 924 m3 tuproq ishlari, 30 360 m3 qum-shag‘al, 4 207 m3 beton, 37 217 p/m o‘zan tozalash va boshqa ishlar amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

FVV sel

Baholaganlar

385

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing