Fuqarolar ilgari surgan loyihalar uchun 1,1 trln so‘m ajratiladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 7 aprel kuni O‘zbekiston Prezidentining “Tuman va shahar byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni natijalari bo‘yicha fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 2 215 ta loyiha g‘olib deb topilgan va ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 1,1 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

2022 yil fevral-mart oylari davomida o‘tkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha ravishda 85,4 milliard so‘m mablag‘ni tuman (shahar)larga ajratiladi. Ushbu mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan 2022 yilda o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha mablag‘lar hisobidan yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari bo‘yicha g‘olib deb topilgan loyihalarda belgilangan ishlarning to‘liq va sifatli amalga oshirilishi, o‘z vaqtida moliyalashtirilishini nazorat qilish uchun mas’uliyat yuklatilgan. Bunda, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning hisobotlari Oliy Majlis Senatida har chorak yakunida eshitib boriladi.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

•    jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlar o‘z vaqtida moliyalashtirilishi va bajarilishini baholash har chorak yakuni bo‘yicha xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi;
•    hisobot yili yakuni bo‘yicha Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishini yakuniy nazoratdan o‘tkazadi;
•    tuman (shahar) hokimlari tashabbusli byudjetlashtirish asosida amalga oshirilayotgan loyihalarning natijalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida muntazam hisobot berib boradi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda g‘olib deb topilgan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlarni keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazish tavsiya etildi.


Maqola muallifi

Teglar

byudjet

Baholaganlar

25

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing