Fuqarolar Abdulla Aripov nomidan tarqatilayotgan xabarlarga ishonmaslikka chaqirildi
3-sahifa
−
06 dekabr 2023
27235Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov nomidan soxta va yolg‘on axborot tarqatib, firibgarlik qilinmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, firibgarlar tomonidan Bosh vazir Abdulla Aripov nomidan uning videotasviriga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berilib, audioyozuvlarni soxtalashtirish yo‘li orqali Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida “Law firm Justice” nomli firma orqali halol savdo yo‘lga qo‘yganligi ta’kidlanib, soxta va yolg‘on xabar tarqalmoqda.
Unda Internet foydalanuvchilariga tez fursat ichida mo‘may daromad olishni va’da qilinmoqda.
Kiberxavfsizlik markazining urg‘ulashicha, bu xabarlar yolg‘on, feyk.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni haqqoniyligini aniqlash uchun ularning rasmiy manbalari orqali qayta tekshirib ko‘rishlaringizni tavsiya etamiz”, deyiladi markazning fuqarolarga murojaatida.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi Qamariddin Shayxov va Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokidagi video, ularning ovozlari sun’iy intellektga asoslangan dasturlar orqali, tarqatilgan edi.
Unda qayd etilishicha, firibgarlar tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi va bosh muharriri Shayxov Qamariddin Qutbiddin o‘g‘li va tadbirkor Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayevlarning videotasviriga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berilib, audioyozuvlarni soxtalashtirish yo‘li orqali Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlari hamda Telegram messenjeri orqali turli xil kanal va guruhlarda “Raida” nomli kanal go‘yoki halol savdo ekanligi ta’kidlanib, internet foydalanuvchilariga tez fursat ichida mo‘may daromad olishni va’da qilinmoqda.
Kiberxavfsizlik markazi fuqarolardan virtual firibgarlik bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar tarqatayotgan xabarlarga ishonmaslikni so‘ragan.
LiveBarchasi