Fransuz jurnali Turkiyadagi dahshatli fojia ustidan mazax qildi
Olam
−
07 fevral 2023 37805 2 daqiqa
Fransiyaning “Charlie Hebdo” hajviy jurnali Turkiyadagi fojiaviy zilzila va uning oqibatlarini mazax qilib chiqdi. Jurnalning yangi soni muqovasidan o‘rin olgan karikatura “Turkiyadagi zilzila” deb nom olib, unda mamlakatdagi vayron bo‘lgan uylar va ag‘darilib ketgan avtomobillar aks etgan. Surat ostiga esa “Endi tank jo‘natishga hojat yo‘q” deb yozilgan. Surat nashrning Twitter’dagi sahifasida tarqatildi.
Shu bilan birga, “Charlie Hebdo” karikaturani “kun surati” deb atadi, bu esa ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining keskin munosabatiga sabab bo‘ldi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida magnitudasi yetti balldan ortiq (mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) kuchli ikki zilzila sodir bo‘ldi. Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilzila qurbonlari soni 3,5 ming kishidan oshdi.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga hilpiratildi.
Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gretsiya Kipr va Iroqda ham sezildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyaning Idlib, Halab, Xama, Latakiya va Raqqa viloyatlarida 1,6 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, “Charlie Hebdo” – Fransuz adabiy va badiiy haftalik siyosiy satira jurnali bo‘lib, haftaning chorshanba kunlari nashr etiladi. Nokonformistik xarakterdagi karikaturalar, reportajlar, munozaralar va latifalarni nashr etadi. Chap va dunyoviy pozitsiyalarni egallab, siyosatchilarni, o‘ta o‘ng, islom va nasroniylikni masxara qiladi.
Live
Barchasi