Fransuz sudi Ozarbayjon manfaati uchun “do‘stlik xartiyasi”ni bekor qildi
Olam
−
17 iyun 2019
3861Fransiya sudi mahalliy hokimiyat organlari va Tog‘li Qorabog‘dagi separatistik tuzum idoralari bilan tuzilgan “do‘stlik xartiyasi”ni bekor qildi.
Val-d'Uaz departamenti ma’muriy sudi Arnuvil shahri va Tog‘li Qorabog‘dagi arman separatistlari o‘rtasida tuzilgan “xartiya”ni Fransiyaning xalqaro majburiyatlarini hurmat qilmasligi va mamlakat tashqi siyosatiga qarshi bo‘lgani uchun bekor qildi.
Hujjat Arnuvil shahri meri Paskal Dol va Xojaved tumani shahar aholi punkti rahbari o‘rtasida tuzilgan. Tog‘li Qorabog‘ga noqonuniy borgan va kelishuv imzolagan shahar hokimiga nisbatan mamlakatning hududlari bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi moddaga zid harakat qilish bilan ayblov e’lon qilingan. Shikoyatni ko‘rib chiqqan Val-d'Uaz departamentining Serji-Pontuaz ma’muriy sudi merga qarshi qaror chiqargan.
Ma’lumot uchun, 2018 yilning oktyabr oyida Sent-Eten shahri meri va Arnuvil munitsipaliteti rahbari noqonuniy ravishda Tog‘li Qorabog‘ga borgan. Mazkur holat bo‘yicha Ozarbayjon TIV Fransiyaga norozilik bildirgan va rasmiy nota yuborgan.
Ikki Kavkaz mamlakati – Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaro 1988 yilda hududiy e’tirozlar ortidan kelib chiqqan. Armaniston qurolli kuchlari sobiq Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati va Ozarbayjonning yetti tumanini okkupatsiya qilgan va u yerda etnik tozalash o‘tkazilgan. Bunday siyosat olib borish natijasida, 1 million ozarbayjonlik o‘z yerlari va uylaridan quvilgan. Armaniston Ozarbayjonning 20 foiz hududini okkupatsiya qilgan.
Qayd etilishicha, Armaniston o‘zining okkupatsion siyosati va etnik tozalash alomatlarini yashirish uchun egallab olingan hududda Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tuzdi.
LiveBarchasi