Fransiyadagi tartibsizliklarni tasvirga olish chog‘ida bir necha jurnalist yaralandi

Olam

image

Fransiyada jurnalistlar tartibsizliklarni suratga olish vaqtida hujumga uchradi va jihozlariga zarar yetkazildi. Tegishli bayonotlar bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilindi.

“Kecha kechqurun “Le Point” jurnali fotografi Xan Reno Nanterdagi voqealarni yoritayotganda o‘nlab bezorilar tomonidan hujumga uchragan”, deydi jurnal bosh muharriri Jeraldin Vessner.

Hujum fotograf ko‘cha o‘rtasida yonayotgan mashinani suratga olayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar ko‘chaning bu qismini tark etgan, olomonni tarqatish uchun politsiyada maxsus jihozlar yetishmay qolgan.

Oqibatda uyushgan bezorilar guruhi muxbirning qo‘lidagi jihozlarni tortib olishga uringan. Unga rad javobi berilganda, bezorilar uni kaltaklagan. Hozirda u shifoxonada qolmoqda.

Shuningdek, mahalliy TVT telekanali Tur kommunasida xodimlariga hujum qilinganini ma’lum qilgan. Kanal jurnalistiga kamida 15 kishi hujum qilgan.

"TVT rahbariyati yagona vazifasi jamoatchilikni xabardor qilish bo‘lgan o‘z muxbiriga nisbatan tajovuzni keskin qoralaydi", deyiladi telekanal xabarida.

Fransiyadagi vaziyat 

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Tartibsizliklarning birinchi kechasida 150 nafar kishi hibsga olingan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron  Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya tartibsizliklar jurnalistlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing