Fransiyadagi tartibsizliklar paytida qo‘lga olinganlar soni ming kishiga yetdi

Olam

image

Fransiyada 17 yoshli o‘smirning politsiyachi tomonidan o‘ldirilishi tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar chog‘ida qo‘lga olinganlar soni ming kishiga yetdi. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi rahbari Jerald Darmanin TF1 telekanali efirida ma’lum qildi.

Darmaninga ko‘ra, rasmiylar tartibni saqlash uchun 1 iyulga o‘tar kechasi 45 ming politsiyachi va jandarmdan foydalangan. Qo‘lga olinganlar soni esa ming kishiga yetgan. Lion ko‘chalarida politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir etgan 38 kishi hibsga olingan.

Shuningdek, vazir ommaviy namoyishlarga zirhli texnika va vertolyotlar jalb etilishini qo‘shimcha qilgan.

Uning qayd etishicha, Fransiya hukumati qo‘llarida tartibsizliklarga qarshi kurashish uchun vositalar arsenaliga ega, bu esa mamlakatda favqulodda holat joriy etilishining oldini olishga imkon beradi.

Fransiyadagi vaziyat 

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Tartibsizliklarning birinchi kechasida 150 nafar kishi hibsga olingan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron  Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Parij tartibsizliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing